JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudida 2025-yil sentabr oyidagi Li 9 va BYD toʻqnashuvi boʻyicha sud qarori eʼlon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Sudning qaroriga koʻra, Li 9 haydovchisi 26 yoshli F.J. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan:
128-3-moddasi 4-qismi – transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi;
133-moddasi – transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
135-1-moddasi 1-qismi – transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablarini buzish.
Unga uzil-kesil 6 mln 180 ming soʻm jarima jazosi belgilangan. Huquqbuzar tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi eʼtirof etilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, manfaatdor tomonga mazkur YTH oqibatida yetkazilgan boshqa moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi hamda taraflarga sud qaroriga nisbatan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.
Nima boʻlgandi?
2025-yil 30-sentabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumanida BYD va Lixiang L9 mashinalari oʻzaro toʻqnashishi oqibatida YTH sodir boʻlgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda YTH oqibatida Li 9 mashinasi parchalanib ketgani aks etgan.
Ushbu YTH bilan bogʻliq maʼmuriy ish JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqilgan. Sudning 2025-yil 23-dekabrdagi qarorida keltirilishicha, BYD boshqaruvida boʻlgan D.R. oʻz harakat yoʻnalishini oʻngdan chapga oʻzgartirishi chogʻida F.J. boshqaruvidagi Li 9 mashinasi bilan toʻqnashuv sodir qilgan.

















