Shri-Lankada 21 aprel kuni sodir etilgan davomli teraktlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 290 nafarni tashkil qilmoqda. Yana 500 nafarga yaqin kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Qurbonlarning aksari katolik cherkovlardagi portlashlar oqibatida halok bo‘ldi - yakshanba kuni xristianlar ibodatxonalarida Pasxa bayramini nishonlashayotgandi.

Hozircha hech bir guruh bu xunrezliklar uchun mas'uliyatni zimmasiga olmadi. Bu teraktlar mamlakatda mahalliy radikallar tomonidan musulmonlarga ommaviy hujumlar kuzatilganidan roppa-rosa bir yil o‘tib ro‘y berdi. «Meduza» nashri aholisining asosiy qismi buddizmga e'tiqod qiladigan bu orol davlatdagi teraktlar qanday diniy ziddiyatlar mahsuli ekani haqidagi savolga javob topishga harakat qildi.
Shri-Lankada buncha cherkov qayerdan paydo bo‘lgan? Bu yerda shunchalik ko‘p xristianlar yashaydimi?
Aholisi soni 22 million bo‘lgan bu davlatdagi katolik xristianlar ulushi 7 foiz atrofida (2 million kishi). Ammo orolda o‘nlab katolik cherkovlari mavjud. Bu qatlam asosan orolga 1505 yilda kelgan portugal istilochilarining avlodlari hisoblanadi. Avvaliga ular mahalliy singal qiroli ruxsati bilan Kolombo shahri hududida savdo posti va katoliklar ibodatxonasi qurishgan. Ammo bir necha o‘n yillar o‘tib yevropaliklar orolning g‘arbiy va shimoliy qismini egallab olishgan, Shri-Lanka esa portugaliyaliklarning Hind va Tinch okeani bo‘ylab barpo etgan savdo imperiyasidagi muhim bazaga aylangan, katolik missionerlar orolning qirg‘oq hududlari bo‘ylab xristian dinini targ‘ib qilishgan, portugallar oroldagi barcha yirik shaharlarda ibodatxonalar qurishgan.
17 asr o‘rtalarida, portugal-niderland urushidan keyin Shri-Lanka Niderlandiya qirolligi ixtiyoriga o‘tadi va hollandlar orolda xristianlikning protestant oqimini targ‘ib qilishni boshlaydi (asosan tog‘li hududlardagi choy plantatsiyalari bo‘ylab). Ayni vaqtda orolda 200 ming nafardan ortiq protestantlar istiqomat qilishadi.
Bu teraktlarni kimlar uyushtirgan bo‘lishi mumkin?
Hozircha bu teraktlar uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi. Ammo hukumat bu hujumlarda diniy ekstremistlardan gumon qilmoqda va gumondorlar qo‘lga olinishi boshlangan. «Meduza» tomonidan Shri-Lanka aholisi vakillari orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, orolliklar bu hujumlar IShID tarafdori bo‘lgan radikal musulmonlar tomonidan uyushtirilganini muhokama qilmoqda. Agar bu versiya o‘z isbotini topsa, orolda diniy ziddiyatlarning yangi to‘lqini avj olishi mumkin.

















