2018 yil 19 iyun kuni tunda Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi «Urganch markaziy dehqon bozori»ning 2-yopiq pavilonida kuchli yong‘in sodir bo‘lgan edi.

Natijada, yuzlab kv.m hududda joylashgan o‘nlab rastalar va do‘konlar yong‘indan zarar ko‘rgan, ko‘plab tadbirkorlarning mol-mulki, mahsulotlari kuyib ketgan, faqat baxtli tasodif tufayli jismonan jabrlanganlar bo‘lmagandi.
«Urganch markaziy dehqon bozori» AJ tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaning ma'lumotnomasiga ko‘ra, yong‘in natijasida yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 811 million so‘mdan oshgan.
Urganch shahar IIB huzuridagi 1-son tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida, pavilon hududidagi tadbirkorlar yong‘in va xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilmagani, o‘z navbatida bozor ma'muriyati buni ta'minlay olmagani aniqlangan.
Xususan, yong‘in va xavfsizlik texnikasi qoidalariga ko‘ra, ish vaqti tugaganidan so‘ng, pavilon hududidagi barcha sovutgich va muzlatgichlar elektr tarmog‘idan ajratilishi lozim. Bu qoidaga amal qilish uchun tadbirkorlar pavilonga faqat bir kunlik sotiladigan mahsulotlarni olib kirishi shart. Me'yordan ortiq mahsulotlarni bozor hududiga kiritib, sotish uchun uni sovutgich va muzlatgichlarda saqlab qo‘yish mumkin emas. Ammo tadbirkorlar bu qoidaga amal qilishmagan. Bozor ma'muriyati esa buni talab qilmoqchi bo‘lganida, ziddiyat va janjallar kelib chiqqan.
Urganch shahar Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi (DSENM) ma'lumotiga ko‘ra, yoz oylarida tez buziluvchi mahsulotlar faqat sovutgichlarda saqlanishi lozim. Agar bunga amal qilinmasa, go‘sht va go‘sht mahsulotlari 6 soat, sut va sut mahsulotlari 2 soat, kolbasa va kolbasa mahsulotlari o‘rami buzilmagan bo‘lsa 6 soat, agar buzilgan bo‘lsa 2 soatdan keyin iste'molga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Shu tufayli, bu mahsulotlar doimiy ravishda sovutgich va muzlatgichlarda saqlanishi lozim. 2-yopiq pavilonda asosan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi inobatga olinsa, yozning jaziramasida bu yer sovutgich va muzlatgichlarga to‘la bo‘lgan.

Yong‘in sababini aniqlash maqsadida, X.Sulaymonova nomidagi Sud ekspertizasi markazi tomonidan ekspertiza o‘tkazilgan. Uning xulosasiga ko‘ra, yong‘in o‘chog‘i 2-yopiq pavilonning muzlatgichlar zich joylashtirilgan nuqtasida bo‘lgani, ekspertizaga ashyoviy dalil sifatida taqdim etilgan elektr simlari va rozetka qoldiqlarida qisqa tutashuv alomatlari mavjud emasligi aniqlangan. Yong‘in elektr tarmog‘ida vujudga kelgan avariya holati, ya'ni ortiqcha yuklamadan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ya'ni sutkaning 24 soati davomida elektr tarmog‘idan ajratilmay ishlatilgan sovutgich va muzlatgichlarning yuklamasini elektr simlari ko‘tara olmagan va katta ehtimol bilan qizib, erib ketgan.


















