O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Qaror bilan 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi ma'qullandi. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruh (A.Aripov):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E'tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta'minlaydi va joylarda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillarini biriktirib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etadi;
yolg‘iz va kam ta'minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta'mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Bayramga tayyorgarlik ko‘rish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘rsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq qilish bo‘yicha madaniy-ma'rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qiladi;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan biryo‘la to‘lanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshiradi;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qiladi;
















