"Umra va Haj safarlari tashkilotchiligi haqida gap ketganda, bu yerda nozik masalalar ko‘p ekanligi ma'lum. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Umra va Haj tadbirlarini turoperatorlarga topshirish masalasida Saudiya Arabistoniga borib keldi. Bu yerda o‘ziga yarasha xavfsizlik va boshqa qator masalalar bor. Aslida ziyoratchilar Umra yoki Hajga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yo‘llanmaydi, bu ishlar Diniy qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi", - dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev jurnalistlarning shu haqidagi savoliga javob berar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda bu masala ochiqligicha qolmoqda.
Innovatsiyalarni joriy etish va smart-turizm bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Barnoyevning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda qo‘mita tomonidan Haj va Umra safarlariga oid takliflar ishlab chiqilmoqda:
"Hozirgi kunda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan bu masalada takliflar ishlab chiqilmoqda. Takliflar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga yo‘llanadi va tahlil qilinadi, asosiy gap ularda qoladi".
Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi ham ushbu masala bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Kengash raisi Tohir Soliyevning qo‘shimcha qilishicha, turfirmalardan Jamoatchilik kengashiga bu boradagi bir necha takliflar kelib tushgan.
"Biz mutaxassislar bilan ishlab, ularning bu boradagi fikrlarini tayyorlayapmiz, fikrlar jamlanib qo‘mitaga topshiriladi va undan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga yetkaziladi. Bu juda jiddiy masala bo‘lib, u nafaqat turizm bilan bog‘liq, bu yerda xavfsizlik masalasi ham bor. Fikrimcha, bu masalaning yechimiga tez erishib bo‘lmaydi, lekin jarayon boshlangan".
Uning ta'kidlashicha, bugungi kunda Turkiya, Malayziya, Indoneziya kabi musulmon davlatlarning shunga doir tajribasi o‘rganilmoqda, ularning tajribasini O‘zbekistonga moslashtirish kerak.
"Hozir shunday davrki, bu muammo ham kutilmaganda optimal yechimini topishi mumkin", - deya xulosa qildi u.











