O‘zbekiston | 08:32 / 27.04.2019
25472
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kuchli yog‘ingarchilikning qishloq xo‘jaligiga ta'siri qanday bo‘ladi?

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro Press klub sessiyasida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshayev mavjud suv resurslari va ulardan foydalanish haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA.

– Bu yil respublikamizdagi mavjud suv omborlarida yetarlicha suv yig‘ildi, dedi Shuhrat Teshayev. – Hozirgi kunda ham suv omborlariga suv yig‘ish ishlari davom ettirilmoqda.

O‘tgan yili qish va bahor oylarida yog‘ingarchilik miqdorining ko‘p yillikka nisbatan 25-30 foizga kam bo‘lganligi oqibatida daryolarda suv sathi keskin kamayib, me'yorga nisbatan 65-70 foizni tashkil etgan.

Ayniqsa, Tuyamo‘yin, Talimarjon, Kattaqo‘rg‘on, Janubiy Surxon, Pachkamar, Hisorak va Chimqo‘rg‘on kabi yirik suv omborlarida to‘plangan suv miqdori ayni g‘allani sug‘orish davrida o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan 50 foizga kam bo‘ldi.

Natijada, G‘uzor, Chiroqchi, Qamashi, G‘allaorol, Qiziriq va Muzrabot tumanlaridagi bir qator fermer xo‘jaliklarida g‘allaning to‘plash va naychalash davrida sug‘orish ishlarida uzilishlarga yo‘l qo‘yilib, g‘alla 1,5-2 marotaba sug‘orilmay qoldi. Bu esa ko‘zlangan hosilni olishga imkon bermadi.

Foto: Xalqaro press-klub

Shuningdek, bahor oylarida yog‘ingarchilikning me'yorga nisbatan 30-40 foizgacha kam bo‘lganligi sababli lalmi maydonlarga ekilgan jami 197 ming gektar g‘alla maydonidan hosil olishning imkoni bo‘lmadi. Ayniqsa, lalmi maydonlardan olinadigan hosil 2017 yilga nisbatan Jizzax viloyatida 34 ming, Qashqadaryoda 32 ming va Samarqandda 24 ming tonnaga kam bo‘ldi.

“O‘zgidromet” markazining ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning mart va aprel oyida respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchilik miqdorini o‘tgan yillarga nisbatan 1,5-2 barobar, ayrim hududlarda 3 barobargacha ko‘p bo‘lganligi sababli bugun tuproqdagi namlik keskin oshib ketdi.

Ob-havo noqulay va seryog‘in kelgan yillarda paxta yetishtirish ancha qiyinlashgan va kutilmagan jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Xususan, namlik me'yoridan yuqori bo‘lgan maydonlarda qatqaloq yuzaga kelishi, g‘o‘za nihollari nimjon unib chiqib, kasalliklarga tez chalinuvchi va zararkunandalarning zararli ta'siri yuqori bo‘lishi kuzatilgan.

Bunday paytlarda dehqonlar va fermerlarimiz g‘o‘za parvarishida har yilgidan ham ko‘proq mas'uliyat bilan ilmiy asoslangan tavsiyalar va ko‘p yillik tajribalarga tayangan holda ish ko‘rishlari kerak bo‘ladi.

Namlikni kamaytirish, havo va issiqlik aylanishini yaxshilash maqsadida tuproqni mayin, donador holatga keltirish uchun ko‘chat 65-70 foiz unib chiqqan maydonlarda qator orasiga ishlov berish ishlarini boshlash tavsiya qilinadi.

G‘o‘za qator oralariga birinchi ishlov berishda eng avvalo kultivatordagi ishchi organlari sonining to‘liq bo‘lishiga, to‘g‘ri va sifatli yumshatadigan qilib rostlanishiga alohida ahamiyat berish kerak. Shuningdek, kultivatsiya bilan bir yo‘la chopiq ishlarini amalga oshirish kerak.

Havo harorati keskin ko‘tarilgan vaqtda g‘o‘zaga optimal muddatda va sifatli ishlov berilmasa, g‘o‘za nihollari rivojdan orqada qolib ketaveradi.

Bundan oldin, O‘zbekiston suv omborlariga aprel yomg‘irlari qanday ta'sir qilgani ma'lum bo‘lgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid