Jahon | 12:15 / 28.04.2019
77089
4 daqiqa o‘qiladi

«Hech kim jannatga darhol tushmaydi»: Zelenskiy saylovlardagi g‘alabasidan keyin ilk bor Putinga murojaat qildi

Foto: Reuters /Valentyn Ogirenko

Ukrainaning bo‘lg‘usi prezidenti Vladimir Zelenskiy 27 aprelda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaatini e'lon qildi. Bu uning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Putinga ilk murojaati bo‘lib, jamoasining Telegram-kanalida ukrain va rus tillarida joylashtirilgan. Murojaatda Zelenskiy Putinning Ukraina fuqarolariga soddalashtirilgan tartibda Rossiya pasportlari berilishi boshlanishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga izoh bergan va Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan.

Bo‘lg‘usi prezidentning fikricha, Rossiya hukumati katta sondagi ukrainaliklarni Rossiya pasportlari bilan qiziqtira olmaydi. “Ko‘plab ukrainaliklar Rossiya o‘z xalqini aylantirmoqchi bo‘layotgan “yangi neft” bo‘lishni istashiga umid qilish yaramaydi”, deyilgan Zelenskiy murojaatida. Uning ta'kidlashicha, agar kimdir Rossiya fuqaroligini olishni istasa ham buni pul topish yoki Ukrainadagi jinoiy ta'qibdan qochish uchungina amalga oshirishi mumkin. “Biz Vladimir Putinga yaqin orada yuqori lavozimlarini suiiste'mol qilib, behayocha talagan mamlakatida yashash noqulay bo‘lib qoladigan Ukraina fuqarolari ro‘yxatini taqdim qilishimiz mumkin. Rossiya bunday “professionallar” unga ko‘proq qayerda – Rostov yoki Magadanda kerak bo‘lishini yana hal qilsin”, deb aytgan Zelenskiy.

Uning aytishicha, Rossiya pasporti “tinch norozilik uchun hibsga olinish”, “erkin va raqobatbardosh saylovlarga ega bo‘lmaslik” va “umuman inson huquqlari va erkinlarini unutish huquqini” beradi, ukrainaliklarda esa so‘z erkinligi, erkin internet va OAV bor.    

Ta'kidlab o‘tish joiz, Putin 27 aprelda Pekinda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish kelgusida Ukrainaning barcha fuqarolariga tatbiq qilinishi mumkinligini aytgandi.

Zelenskiy o‘z murojaatida Rossiya hukumati bilan muzokaralarga va “Ukraina va Rossiyaning o‘zaro mavjudligining yangi shartlarini” muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. U ikki tomonlama munosabatlarning haqiqiy normallashishi Donbass va Qrim “to‘liq deokkupatsiya” qilingandan keyingina mumkinligini ta'kidlab o‘tgan.    

Siyosatchi Ukraina bilan tahdidlar, harbiy va iqtisodiy bosim tilida gaplashish yaramasligini aytgan. “Bu o‘t ochishni to‘xtatishni va Minsk jarayonini tiklashning eng yaxshi usuli emas”, deb aytgan bo‘lg‘usi prezident.

Zelenskiy murojaati so‘ngida Putinning u haqdagi so‘zlariga munosabat bildirgan. Putin bundan avvalroq jurnalistning “Zelenskiy oldida hozir bo‘lganingizda undan nima haqida so‘rardingiz?” degan savoliga “Vladimir Zelenskiy Xudo emas yoki avliyolar darajasiga ko‘tarilmaganki, uning oldida biror qanday ko‘rinishda hozir bo‘lishim kerak bo‘lsin”, deb javob qilgan. Putin, shuningdek, Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini istisno qilmagan. 

“Men haqiqatan ham barcha istaklarim amalga oshadigan Xudo emasman. Biroq men shuni esda tutamanki, barcha amaldorlar o‘z qilmishlari uchun Uning oldida javob beradigan vaqt keladi. Hech kim Jannatga darhol tushmaydi. Dastlab savol-javob bo‘ladi”, deb yozgan Zelenskiy bunga javoban.

Mavzuga oid