DW xabariga koʻra, Putin 1-oktabr, payshanba kuni kechqurun «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi majlisida dunyo uchun «halokatli oqibatlar» keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan ssenariy haqida soʻz ochgan.

Rossiya rahbari qator mamlakatlar ixtiyorida «barcha tirik mavjudotni yoʻq qilishga qodir» qurol borligini eslatgan. U bunday qurol ishlatilmasligiga ishonch bormi, degan savolni oʻzi oʻrtaga tashlab, oʻzi salbiy javob bergan.

Yadroviy qurolni sahnadagi miltiqqa qiyosladi

Putin yadroviy qurolni teatr sahnasida osilib turgan va janr qonuniyatlariga koʻra, bir payt kelib otilishi kerak boʻlgan miltiqqa oʻxshatdi.

«Yashab qolish uchun kurash qonunlari nafaqat tirik tabiatda, balki ijtimoiy hamjamiyatlarda ham amal qiladi», - dedi u. Putin shu orqali Rossiya keskin choralarga borishga majbur boʻlishi mumkinligiga ishora qildi.

Ayni paytda u «bu miltiq» otilmasligi uchun harakat qilish kerakligini ham qoʻshimcha qildi.

«Agar yashashni istasak - yashashni esa hamma istaydi - keling, ahil yashaylik», - dedi Rossiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, voqealar yanada keskinlashsa, «maktab darsliklari ham, ular boʻyicha taʼlim oladiganlar ham boʻlmaydi». Shu tariqa Putin dunyo miqyosidagi yadroviy falokat ehtimolini yana tilga oldi.

Urush uchun Gʻarb va Ukrainani aybladi

Rossiyaning Ukrainada beshinchi yil davom etayotgan urushi haqida gapirar ekan, Putin Moskva goʻyoki «urushni boshlamagani»ni yana daʼvo qildi. U Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishini NATO va Kiyevning harakatlariga javob sifatida koʻrsatishga urindi.

«Haqiqat shundaki, urushishni biz istamaganmiz va biz boshlamaganmiz, aksincha, bizga qarshi urush boshlashgan», - dedi u.

Putinning talqiniga koʻra, Gʻarb yillar davomida Ukrainada «tajovuzkor millatchilik va rusofobiya»ni ragʻbatlantirib, mamlakatni Rossiyaga qarshi «qurol»ga aylantirishga harakat qilgan. U, shuningdek, Kiyevdagi «radikallar» davlat toʻntarishiga undash orqali qoʻllab-quvvatlanganini, NATO esa Rossiyaning «tarixiy hududlari» deb atagan joylarda oʻz bazalarini joylashtirmoqchi boʻlganini daʼvo qildi.