Seshanba va chorshanba oqshomlarida Chempionlar ligasining yarimfinali doirasida birinchi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ikki juftlikda ham yaqqol favorit yo‘q.
«Tottenhem» - «Ayaks»: qanday natijani mo‘jizaviy deyish mumkin?

Yarimfinalda ko‘pchilik «Manchester Siti» va «Yuventus»ni kutgandi. Buning sababi oddiy: Krishtianu Ronalduni Xosep Gvardiolaga qarshi ko‘rish qiziq edi. «Real» va Dortmundning «Borussiya»si ham turnirni bezab turgan bo‘lardi, 6 yil muqaddam Robert Levandovskiy nemis klubi safida madridliklar darvozasiga bir o‘yinda to‘rtta gol yo‘llagandi.
Ammo «Tottenhem» va «Ayaks» yuqorida nomlari keltirilgan grand klublarni turnirni erta tark etishga majbur qilishdi - xalqaro turnirlarda keyingi vaqtlarda ko‘rinmay kelayotgan bu ikki jamoa (mavsum arafasida bu ikki jamoa Yevropa miqyosida o‘rtamiyonalar sifatida ko‘rilayotgandi) ko‘pchilik uchun kutilmaganda yarimfinalga qadar yetib kelishdi va ulardan biri endi mavsumning asosiy o‘yinida maydonga tushishi aniq.
«Tottenhem» o‘z tarixida ilk marta YeChLda eng yaxshi natijani qayd etdi. «Shporlar» muxlislari uchun bu mavsum har qachongidan yaxshiroq kechmoqda - jamoa muxlislarida jamoaning prinsipial raqibi «Arsenal» ustidan kulishlari uchun sabablar ko‘p. O‘tgan haftada «Tottenhem»ning o‘nlab fanatlari qo‘shni jamoa ofisiga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan «Arsenal»ning YeChL o‘yini uchun chiptalar so‘rashgani tasvirlangan hazil video tarqaldi. Go‘shakning bir tomonidagi shaxs afsus bilan shunday deydi: «Afsuski, biz Chempionlar ligasida o‘ynamayapmiz». Qo‘ng‘iroq qiluvchilar esa zaharxanda kulgi bilan javob qaytarishdi: «Biz buni bilamiz!».
«Ayaks» qachonlardir Chempionlar ligasining doimiy ishtirokchisi bo‘lgan, ammo oltin davrlar allaqachon ortda qolgandi. Keyingi yillarda amsterdamliklar jamoasi 1995 yilgi muvaffaqiyatni qaytarishi mumkin bo‘lgan jamoani shakllantirishdi, balki buning vaqti kelgandir. Niderlandiyadagilar «Ayaks»ning xalqaro sovrin yutishi nafaqat klub uchun, balki mamlakat uchun ham muhimligini anglab turishibdi. Shuning uchun, jamoa yarimfinalga chiqqach, qirollik futbol federatsiyasi mislsiz qadam tashladi - butun tur ko‘chirildi (bu turda barcha o‘yinlar bir vaqtga belgilangandi). Agar bunday qaror qabul qilinmaganida, «Ayaks» yakshanba kuni «De Grafshap»ga qarshi o‘yin o‘tkazishi va natijada «Tottenhem»ga qarshi o‘yinga tayyorlanish uchun vaqt qolmasligi mumkin edi.
«Shporlar»ga esa hech kim qarashgani yo‘q, shu tufayli ular shanba kuni «Vest Hem»ga qarshi o‘yinni «qurbon qilishdi» - uchinchi o‘rinda mustahkam joylashib olgan jamoa o‘z uyida yutqazib berdi. «Men niderlandlar «Ayaks» uchun shunday sharoitlar yaratib berishganini eshitganimda quloqlarimga ishonmadim. Qaniydi futbol assotsiatsiyasi ham biz uchun shunday qadam tashlay olganida», deya munosabat bildirdi «Tottenhem» himoyachisi Denni Rouz.
















