O‘zbekiston | 10:43 / 03.05.2019
26929
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi milliardlab mablag‘lar qanday qilib chetga chiqib ketishi haqida gapirdi

15 yil avval qabul qilingan va takomillashtirilmagan «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun sug‘urta bozoridagi zamonaviy talablarga javob bermay qolgan, deb hisoblaydi Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev. 

3 may kuni o‘z ishini boshlagan Senatning 19-yalpi majlisida Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z kirish so‘zida «qonunchilikdagi bo‘shliqlar, ayrim vazirlik va idoralar mas'ullarining sovuqqonligi va e'tiborsizligi oqibatida milliardlab mablag‘lar mamlakat iqtisodiyoti rivojiga jalb etilmasdan, chetga chiqib ketishi» haqida gapirdi. 

«10 ming 200 nafar professional ishtirokchi faoliyat ko‘rsatadigan sug‘urta bozorini Moliya vazirligi huzuridagi bor-yo‘g‘i 6 nafar xodim ishlaydigan sug‘urta nazorati inspeksiyasi qo‘shtirnoq ichida «nazorat qilmoqda».

Mazkur tashkilot o‘z zimmasidagi vakolat hamda vazifalarini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyatiga ega emas», - deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, mazkur tashkilotlar chet eldagi sug‘urta kompaniyalariga 2017 va 2018 yillarda 275 mlrd. so‘m yoki qariyb 33 mln. AQSh dollariga teng sug‘urta to‘lovlarini o‘tkazib bergan. O‘zbekistonga sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalash uchun kelib tushgan sug‘urta to‘lovlari esa shu davrda bor-yo‘g‘i 10,5 mlrd. so‘mni yoki 1,2 mln. dollarni tashkil etgan, ya'ni chiqib ketganiga nisbatan 30 barobar kam kirgan.

«Birgina ALFA-INVEST sug‘urta kompaniyasi ikki yilda jami 81,4 mlrd. so‘m yoki 9,6 mln. dollardan ziyod sug‘urta to‘lovlarini chet el sug‘urta kompaniyalariga to‘lab bergan. Biroq chet eldan mazkur kompaniyaga bir so‘m ham kelib tushmagan», - deydi Yo‘ldoshev.

Ta'kidlanishicha, qonundagi qayta sug‘urtalash yirik obektlarni sug‘urtalashda sug‘urtalovchi tashkilotning o‘z imkoniyatlari yetmay qolganida, sug‘urta majburiyatini boshqa sug‘urtalovchi bilan hamkorlikda o‘z zimmasiga olish uchun yaratilgan imkoniyatdir.

«Holbuki, mazkur norma amaliyotda milliardlab so‘mning chetga chiqib ketishiga qo‘shtirnoq ichida «xizmat qilmoqda», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid