Jahon | 14:47 / 03.05.2019
11365
2 daqiqa o‘qiladi

Toqayev prezidentlikka nomzod sifatida rasman ro‘yxatga olindi

Foto: Aleksey Drujinin/TASS

Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olindi, deya xabar bermoqda Tengrinews.kz. 

Markaziy saylov komissiyasi Nur Otan partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida Qosim-Jomart Toqayevni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Toqayev prezidentlikka nomzod ko‘rsatish uchun kerak bo‘lgan barcha hujjatlarni taqdim etgan. Uni qo‘llab-quvvatlab Qozog‘istonning 17 viloyatidan 313 653ta imzo yig‘ildi.

«Markaziy saylov komissiyasi apparatining rejalashtirish va budjetni ijro etish bo‘limiga «Qozog‘istonning xalq omonat banki» AJga prezidentlikka nomzod Qosim-Jomart Toqayev ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi ma'lumot maxsus vaqtinchalik hisob raqamini ochish uchun taqdim etilsin. Markaziy saylov komissiyasining OAV va jamoat birlashmalari bilan aloqalar bo‘yicha bo‘limi nomzod ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi xabarni OAVda e'lon qilsin», - deyiladi MSK qarorida.

Prezidentlikka nomzodning guvohnomasi Nur Otan partiyasi raisi birinchi o‘rinbosari - Toqayevning ishonchli vakili Maulen Ashimbayevga topshirildi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 2019 yil 11 may kuni soat 18:00ga qadar davom etadi. Nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazish davlat daromadlari organlari tomonidan deklaratsiyada ko‘rsatilgan daromadlar va mol-mulk haqidagi ma'lumotlar ishonchsizligi aniqlangan taqdirda bekor qilinishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti ro‘yxatga olish bosqichi tugagandan so‘ng darhol boshlanadi va 8 iyun soat 00:00ga qadar davom etadi. Sukunat kuni - 8 iyun.

Mavzuga oid