Angliya Premer-ligasida ko‘plab kuchli futbolchilar o‘ynagan, o‘ynamoqda. Kimdir oxirgi yillarda Azarning Albionda eng zo‘r ekanini aytadi, kimdir Runi hammadan zo‘r bo‘lgan deydi, yana kimlardir APL Ronaldu kabi futbolchini boshqa ko‘rmadi deydi. Lekin tan olish kerak, Angliya Premer-ligasining oxirgi 10 yillikdagi eng top-top-top futbolchisi bu – Serxio Aguero.
Serxioning har xil ko‘rsatkichlari, ketma-ket 5 mavsumda kamida 20ta gol urishi yoki «Siti» tarixidagi eng zo‘r futbolchi deb tan olinishi – bular ikkinchi masala. Uning asosiy ustunligi – eng kerak vaqtda o‘z so‘zini aytishida. APL 36-turida «Siti» mehmonda «Byornli»ni katta qiyinchilik bilan yengdi. O‘sha o‘yinda Aguero juda muhim golni urdi. U kiritgan g‘alaba golida to‘p darvoza to‘riga ham tegmadi, chiziqni atigi 3 santimetrgagina bosib o‘tdi, lekin bu oddiy gol har qanday chiroylilaridan yaxshiroq. Quyida nega Serxio «Siti»ning yuragi ekani haqida gaplashamiz...
2012 yil. «Manchester Siti» – «KPR»

«Byornli» bilan o‘yindan so‘ng ko‘pchilik «Manchester Siti»ga 44 yildan keyin Angliya chempioni degan nomni qaytargan 2012 yildagi «KPR»ga qarshi o‘yinni esladi. Bu o‘yinda Aguero tomonidan urilgan gol rasman APL tarixidagi eng esda qolarli lahza deb tan olingan. O‘sha o‘yinni ingliz futboliga befarq bo‘lmagan muxlislar yaxshi eslaydi.
38-turga to‘g‘ri kelgan o‘sha o‘yinda «KPR» bu qadar jiddiy kurashganiga sabab bor edi. Chunki klub «xavfli hudud»da taqdiri hal bo‘lmagan ikki jamoadan biri edi. «Blekbern» va «Vulverhempton» Chempionshipga yo‘l olishi aniq bo‘lgan va yana ikki jamoa Premer-ligada qolish uchun kurashayotgandi: «KPR» va «Bolton».
Agar oxirgi turda «Bolton» mehmonda «Stok Siti»ni mag‘lub etib qo‘ysa, «KPR» faqat g‘alaba qozonishi kerak edi. 77-daqiqada «Stok Siti» futbolchisi Jonatan Uolters penaltidan gol urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirmaguniga qadar «Bolton» g‘alaba qozonayotgandi ham. Shu sabab «KPR» nima qilib bo‘lsa ham «Manchester Siti»ni yengishi kerak edi. «Siti» esa ikkinchi o‘rinda borayotgan «MYu» bilan bir xil ochko to‘plagan va to‘plar nisbatiga ko‘ra yetakchilik qilayotgandi. Bunday holatda «Siti» faqat g‘alaba qozonsagina o‘zini yaxshi his qila olardi.
Mana shunday super intrigali o‘yinda «KPR» safidagi ko‘pchilik unutayozgan Jibriyel Sisse ham «Messiga aylangan» va «Siti» himoyasini mazax qilib, gol urgandi. 66-daqiqada Arman Traorening uzatmasidan so‘ng shotlandiyalik Jyeymi Mekki gol urib, «KPR»ni hisobda oldinga olib chiqqanida Mark Xyuz shogirdlari «osiyoliklarning kapitali evaziga terilgan allaqanday jamoa»ning chempion bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayotganlaridan sarmast bo‘lib, osmonda ucha boshladilar. Mark Xyuz sobiq «MYu» futbolchisi ekani esa g‘alabaning qadrini yanada oshirardi.



















