09:40 / 04.05.2019
21009

«Real» yana bir yirik transfer masalasini hal etdi

Foto: AFP/Getty Images

«Ayntraxt» hujumchisi Luka Yovich yozda «Real» a'zosiga aylanadi, deb xabar tarqatdi AS.

Nashrga ma'lum bo‘lishicha, transfer bo‘yicha 60 mln yevrolik kelishuvga erishilgan. Bu summadan 48 millioni «Ayntraxt»ga, 12 millioni serbiyalik futbolchining sobiq jamoasi «Benfika»ga tegishli bo‘ladi – Lissabon klubi Yovichning transferlaridan 20 foizlik ulushga ega.

«Real» va Luka o‘rtasida 6 yillik bitim imzolanishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, «PSJ» ham 21 yoshli ushbu to‘purar uchun raqobatga qo‘shilgani sababli «Real» mazkur xarid bo‘yicha ishlarni tezlashtirishga qaror qilgan. Yovichga «Bavariya» va «Manchester Siti» ham qiziqish bildirayotgan, avvalroq «Barselona» bu kurashdan chiqqani xabar qilingandi.

8-raqam egasi 2017 yil yozida «Benfika»dan Frankfurt shahri jamoasiga ijara asosida kelib qo‘shilgan, «Ayntraxt» uning transfer huquqini joriy yilning aprel oyida 7 mln yevroga sotib olgandi.

Yovich Bundesligadagi ilk mavsumida 22ta o‘yinda 8ta gol urgan bo‘lsa, joriy mavsumda 29ta turda qatnashib, 17+6 mahsuldorlik natijasini qayd etdi. Bu bilan u hozir liga to‘purarlari ro‘yxatida Robert Levandovskidan (21ta gol, «Bavariya») keyin, o‘zi bilan teng miqdorda gol urgan Pako Alkaser (17ta gol, «Borussiya D») bilan birga ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Yovich, shuningdek, Yevropa ligasining bu mavsumida 13ta o‘yin o‘tkazib, 9ta gol va 1ta assist muallifi bo‘ldi. «Ayntraxt» bu musobaqa yarim finalida qatnashmoqda: «Chelsi»ga qarshi Frankfurtda kechgan ilk o‘yin 1:1 hisobida yakun topgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar «Real» «Tottenhem» yarimhimoyachisi Kristian Eriksen bilan ham kelishuvga erishgani, «Chelsi» vingeri Eden Azarning transferini mavsum yakunida e'lon qilishi ma'lum bo‘lgandi. Shuningdek, o‘tgan hafta esa «Manchester Yunayted» xavbeki Pol Pogba bilan ham bitim shartlari kelishib olingani, unga ko‘ra fransiyalik yulduz Madridda «blankos» sardori Serxio Ramosdan ko‘proq maosh olishi xabar qilingandi.

Ispan matbuotiga ko‘ra, «qaymoqranglilar» yozgi xaridlarga 540 mln yevro sarflashmoqchi.

Mavzuga oid
Top