O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida ushbu vazirlik tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etildi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta'minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta'lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;

umumiy o‘rta ta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta'minlash;

yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

Quyidagilar:

G‘oliblari davlat oliy ta'lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati;

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalari ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda davlat ta'lim standartlari o‘quv dasturlari va rejalarida belgilangan fanlar hamda ularga ajratilgan o‘quv soatlaridan kelib chiqqan holda asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.