Adabiyotşunos olim Zuhriddin Isomiddinov özbek tilining çinakam davlat tiliga aylanişiga monelik qilayotgan omillar haqida fikrlarini bildirdi.

Biz özbeklar, yaqinda rus adabiyotining 100 jildligini ona tilimizda çop etişga qöl urdik. Biz özbeklar, mamlakatimizda Rus madaniyati markazi ta'sis etilganining 25 yilligini yaqinda zör şukuh bilan nişonladik.

Biz özbeklar, dunyo aholisining atigi yarim foizini taşkil etsak-da, bağrikeng, köngli oçiq bir el ekanimiz ahli olamga yaxşi ma'lum. Çunki sabr-qanoat, murosai madora degan narsa qonimizga singib ketgan. Garçi «Ğalçani izzat qilsang, çoriği bilan törga çiqadi», kabi aççiq maqollarimiz bölsa-da, betamizlarning törga çiqib yoyilib ötirişiga ham mudom çidab kelamiz. Qörquvni, istiholani andişa deb andavalaymiz.

Bölmasa, ming yillik tarixga ega, boy va rangin ona tilimizni uç yil içidayoq çinakam davlat tili qilib olmasmidik? Öttiz yil bölyapti-ya?

Da'vogar sust bölsa, qozi muttaham bölar emiş. Milliy mentalitetimizdagi «oğir-vazmin», «yetti ölçab, bir kesadigan» deb maqtovi keliştiriladigan sustkaşligimiz, agar qöyib berilsa, endi özimizning ziyonimizga xizmat qilib qoladigan ham körinadi.

Gap şundaki, kuni keça allaqaysi rahnamolarining da'vatimi, rağbatimi bilan, bir guruh şaxslar Özbekistonda rus tilini rasmiy til darajasiga kötariş, «Davlat tili haqida»gi qonunga özgartiş kiritib, unga özbek tili kabi huquqiy maqom beriş taklifi bilan çiqib bong uribdilar. Örmondagi daraxtlarni qiyratayotgan boltadan omonlik yöq, çunki uning sopi ham boşqa emas – yoğoç, deganlariday, özimizdan çiqqan bu «uzbek» ziyolilar öz taşabbuslari Özbekistonda rus tili mavqeini yuksaltirişga bel boğlab (rus tili şunga zormi?), «Timur Pulatov, Raim Farhodiy, Sabit Madaliyev, Suhbat Aflotuniy, Bax Ahmedov va boşqa adiblarning «prekrasniy rus tilida» asar yozişlarini dalil sifatida peşkaş qilişibdi.

Biroq şularga zamondoş, ularning nazarida «unça prekrasniy bölmagan» özbek tilida asar yozişsa-da, bu maqtalgan öriszabon adiblardan ijodi çandon yuqori turadigan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Toğay Murod va boşqa önlab şoir-yozuvçilar esa, eslariga ham kelmabdi! Çunki bu haqiqat ularning da'volariga töğanoq böladi-da.

Bugina emas. Rus tiliga Özbekistonda rasmiy til maqomini beriş milliy davlatçilik ildiziga ham putur yetkazişga olib kelişidan, balki bu muhtaram zotlarning xabarlari yöqdir. Zero, har qanday davlatning negizida til turadi, har bir til, kattami-kiçikmi, qadimiymi-yoşmi, boymi-kambağalmi — bundan qat'i nazar, bir davlat tuziş salohiyatiga ega, ammo dunyoning eng katta, qudratli davlatlari ham bironta tilni paydo qilişdan ojiz. Til şunday möjiza narsa.