Fransiya kompaniyalari konsorsiumi a'zolari Toshkent viloyati rahbariyati bilan uchrashib, «Chorvoq» erkin turistik zonasining bosh rejasi bo‘yicha ishlab chiqilgan hujjatlarni taqdim etishdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu hujjatlar asosan uch qismdan iborat bo‘lib, ular «Beldirsoy loyihasi», «Chimyon loyihasi» hamda «Nanay loyihasi» qismlaridan iborat bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yilning 5 dekabrdagi «Chorvoq» erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonining 8-bandida «ToshkentboshplanLITI» DUK tomonidan xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda erkin turistik zonaning bosh rejasi va hududning batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) «Chorvoq» erkin turistik zonasining batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqishga qaratilgan 750 ming yevro grant mablag‘i taqdim etganidan so‘ng, 2018 yilning 21 noyabrida Fransiyaning Geode kompaniyasi boshchiligida, Orex Loisirs, Patriarch, Epode va CDA Management kompaniyalari «Chorvoq» ETZning Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarini o‘rganish, batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqish yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishuv imzolagan edi.

Fransiyalik mutaxassislardan iborat ishchi guruhi «Chorvoq» erkin turistik zonasi hududida o‘rganish ishlarini olib borish va muzokaralar o‘tkazish yuzasidan joriy yilning 21-28 yanvar kunlari hamda 25-29 mart kunlari tashrif buyurgandi.

Tashrif davrida mutaxassislar Chimyon, Beldirsoy, Chorvoq va Nanay hududlarining geografik joylashuvi, tabiati, tuproq qatlamlari, iqlimining o‘ziga xosligi, tashrif buyuruvchi turistlar soni bilan bog‘liq ma'lumotlarni batafsil o‘rganib borishdi. Mazkur jarayonda Fransiya kompaniyalari konsorsiumi a'zolari Bo‘stonliq tuman Kadastr bo‘limi, Obodonlashtirish bo‘limi, «Toza hudud» bo‘limi, Burchmullo o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari va «Chorvoq suv ombori» tashkilotlari bilan muzokaralar olib borishdi.

Xorijlik mutaxassislar tomonidan erkin turistik zona hududini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator shaharsozlik va xizmat ko‘rsatish loyihalarining konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.

Uchrashuvda Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, hokim o‘rinbosari Sayfiddin Nizamov, viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Ismat Nusurov, «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi rahbari Jamshid Sadirov, Toshkent viloyati bosh arxitektori Aktam Chorshanbiyev, shuningdek, «ToshkentboshplanLITI» DUK arxitektorlari, Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi, Bo‘stonliq tumani hokimligining tegishli vakillari ishtirok etdi.