«Ijtimoiy iş töğrisida»gi ÖRQ–1159-sonli qonun 2026 yil 23 iyulda qabul qilindi. Hujjatning asosiy maqsadi ijtimoiy iş sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solişdan iborat.
Qonunga muvofiq, ijtimoiy iş ijtimoiy himoyaga muhtoj şaxslarning imkoniyat va salohiyatini oşirişga kömaklaşadigan, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordamni rivojlantiriş orqali jamiyatda ijtimoiy özgarişlarga xizmat qiladigan kasbiy faoliyat sifatida belgilandi.
Hujjatga köra, ijtimoiy iş tibbiyot, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etiş sohalarida taşkil etiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi mazkur sohadagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Şuningdek, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam birlamçi, ixtisoslaşgan va yuqori ixtisoslaşgan darajalarga ajratiladi. Ular fuqarolarning yaşaş joyida, mahallada, ijtimoiy xizmat körsatuvçi muassasalarda, şu jumladan statsionar muassasalarda hamda internet orqali taqdim etilişi mumkin.
Qonunga muvofiq, ijtimoiy xizmat va yordam körsatiş uçun ijtimoiy himoyaga muhtoj şaxs yoki uning qonuniy vakilining murojaati, şuningdek, xizmat körsatiş şartlariga bergan roziligi asos böladi.
Bundan taşqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya aholini ijtimoiy himoya qiliş hamda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam körsatişda qonunçilik talablariga rioya etilişi ustidan davlat nazoratini amalga oşiruvçi vakolatli organ etib belgilandi.












