Jahon | 08:31 / 07.05.2019
12079
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an NATO bo‘yicha ittifoqdosh davlatlarning pozitsiyalarini qoraladi     

Foto: Anadolu

Turkiya NATOning amalda IShIDga qarshi muvaffaqiyatli urush olib borgan va olib borayotgan yagona a'zosi hisoblanadi. NATOning Shimoliy Atlantika kengashi va “O‘rta yer dengizi muloqoti”ning Anqarada o‘tgan yig‘ilishida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shunday fikrni aytdi.   

Erdo‘g‘an Turkiya qurolli kuchlarining Suriyadagi aksilterrorchilik operatsiyalari Turkiyaga qarshi jazava fonida olib borilganini ta'kidlab o‘tdi. 

U Turkiya sa'y-harakatlari evaziga Idlibda gumanitar falokat bartaraf etilgani va barqarorlik ta'minlanganini qo‘shimcha qilgan. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Anqara yuzlab minglab beayb suriyaliklarni o‘limdan saqlab qolgan va Yevropaga qochqinlarning yangi oqimini bartaraf etgan.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Anqara Turkiya qurolli kuchlari ko‘magida Suriyaning terrorchilardan ozod qilingan hududlariga 320 ming qochqinning qaytishiga yordam qilgan.

Turkiya rahbari mintaqada terrorchilarni qurollantirgan NATO bo‘yicha ittifoqdosh davlatlar pozitsiyasini qoralagan. “Ba'zi ittifoqdoshlarimiz Turkiya xavfsizligi va aholisiga tahdid qiluvchi terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu davlatlar terrorchilarga katta partiyada qurol va o‘q-dori yetkazadi. Terrorchilar yetakchilari oldida qizil gilamlar to‘shaladi, ba'zi davlatlarda esa ular yuqori darajada qabul qilinadi. Buni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi”, deb aytgan Turkiya yetakchisi. 

Erdo‘g‘an Anqaraning tashqi siyosatini ko‘p yo‘nalishli deb atagan.

Erdo‘g‘an S-400 majmualari atrofidagi inqirozga e'tibor qaratgan. “S-400 majmualarini sotib olish Turkiyaning suveren huquqi hisoblanadi. Biz bunday mavzular atrofida shov-shuv ko‘tarilishiga qat'iyan qarshimiz. Anqaraning o‘z milliy xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha sa'y-harakatlari NATO doirasida adolatli baholanishi lozim”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid