DW xabariga koʻra, Grinkevich bu haqda 28-sentabr, dushanba kuni Yevropa parlamentining xavfsizlik va mudofaa qoʻmitasi aʼzolari oldidagi chiqishida gapirgan.

Uning taʼkidlashicha, Rossiyaning Yevropa Ittifoqi davlatlarida amalga oshirayotgan diversiyalari koʻzlangan natijani bermagan. Ushbu harakatlardan maqsad Yevropa mamlakatlarini qoʻrqitish va ularning Ukrainaga yordamini toʻxtatishga erishish boʻlgan.

Shu bilan birga, Grinkevich bunday diversiyalar tobora «surbet» tus olayotganini qayd etgan. Misol tariqasida u avgust boshida Leypsig aeroportida portlovchi modda oʻrnatilgan uchuvchisiz uchish apparati topilgani hamda sentabr oʻrtalarida Rossiya fregati Daniya harbiy vertolyoti tomon signal raketalarini otganini esga olgan.

«Bular qoʻrquv uygʻotish va Ukrainani birgalikda qoʻllab-quvvatlashimizni izdan chiqarishga urinishning yaqqol misollaridir. Bu ish bermayapti», - degan NATO bosh qoʻmondoni.

U Daniya bilan bogʻliq hodisadan keyin Kopenhagen, aksincha, Kiyevga qoʻshimcha yordam ajratganiga eʼtibor qaratgan.

«Agar mamlakatingiz gibrid hujumga uchrasa, Ukrainani qoʻllab-quvvatlash borasidagi qatʼiyatni kuchaytirish rossiyaliklarga ularning strategiyasi ish bermayotganini koʻrsatadi va ehtimol, ularni bu strategiyadan voz kechishga majbur qiladi», - deya qoʻshimcha qilgan Grinkevich.

Moskva masʼuliyatini ochiq koʻrsatishga chaqiriq

Grinkevichning fikricha, Rossiya tomoni amalga oshirayotgan diversiyalar va vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan boshqa harakatlarga eng samarali javob - ular uchun Moskvani ochiq ayblash hamda Ukrainaga yordamni kuchaytirishdir.

«Bu maʼlumotlarni oshkor qilish bunday harakatlarga homiylik qilayotgan davlatlarga ularning qilmishlaridan xabardor ekanimizni anglatadi va bunday operatsiyalarning ular uchun bahosini oshiradi», - degan u.

Bosh qoʻmondonning tushuntirishicha, ochiq ayblovlardan soʻng bunday davlatlar oʻz tarmoqlari samara bermayotganini va xatti-harakatlarini oʻzgartirishi zarurligini anglaydi. Uning bahosicha, buning oʻzi ham muayyan tiyib turuvchi taʼsirga ega.

«Sharqiy posbon» operatsiyasining natijalari