Putin Rossiyaning NATOga hujum qilmasligini aytmoqda, ammo Boltiqboʻyidagi rusiyzabonlarni himoya qilish uchun xalqaro huquq doirasida javob berish mumkinligini ham taʼkidlamoqda. Bu nimani anglatadi?
Shavkat Saidov: Mening nazarimda, bu fikrga toʻliq qoʻshilib boʻlmaydi. Chunki Rossiya Ukraina urushi natijasida oʻzining harbiy va iqtisodiy salohiyati kutilgan darajada emasligini koʻrsatdi. Buning ustiga, kechagina Putinning oʻzi ham Rossiyaning Yevropa bilan urush qilish niyati yoʻqligini aytdi. Lekin Boltiqboʻyi davlatlari bilan bogʻliq bayonotning tarixiy sabablari bor. Bu davlatlarda Rossiya imperiyasi davridan shakllangan xavotir mavjud. Ularning hududlari Pyotr I, Yekaterina II davrlarida, XIX asrda va keyinchalik Stalin davrida Rossiya yoki Sovet Ittifoqi tarkibiga qoʻshilgan. Shu sababli ularda Rossiya tomonidan kelishi mumkin boʻlgan xavf haqidagi qarashlar kuchli.
Hatto hozir Latviyada yadro qurolini joylashtirish imkonini beruvchi qonunchilik masalasi ham muhokama qilinmoqda. Biroq boshqa tomondan, bu davlatlarda ham keskin, hatto urushqoq ritorika mavjud. Masalan, Sikorskiy Polshada Rossiya bilan urush yuz bersa, Rossiyani olti-sakkiz hafta ichida magʻlub etish mumkinligini aytgan. U bu fikrni Kiyevdagi forumda bildirgan edi. Bunga javoban Patrushev ham, agar Polsha Rossiya bilan urushsa, Rossiyaga ikki-uch kun yetarli boʻlishini aytdi.
Hozir Gʻarb matbuotida ham aynan shu ikki-uch kun haqidagi fikrlar keng muhokama qilinmoqda. Yaʼni, bu yerda maʼlum darajada siyosiy va axborot oʻyinlari ham ketmoqda. Lekin men bir narsaga ishonchim komil, Rossiyaning NATO bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga kirishishi juda katta xavf tugʻdiradi. NATO Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va harbiy salohiyat jihatidan bir necha barobar, ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha esa oʻnlab marta katta imkoniyatlarga ega. Rossiyaning esa katta hududi va salmoqli harbiy salohiyati bor. Shu bilan birga, Rossiya tomoni: “Agar biz shunchalik zaif boʻlsak, unda nega sizlar Rossiyaning Yevropaga hujum qilishidan xavotirdasizlar?” degan savolni oʻrtaga qoʻymoqda.
Rossiya Yevropaga hujum qilish niyati yoʻqligini ham ochiq aytmoqda. Shuning uchun, mening nazarimda, bu masalaga faqat bir tomonning pozitsiyasidan qarash toʻgʻri emas. Ukraina masalasida ham Rossiyaning asosiy talabi NATOning sharqqa kengaymasligi va Ukrainaning NATOga qoʻshilmasligi bilan bogʻliq edi. Shu bilan birga, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi mumkinligi haqidagi pozitsiya ham ilgari surilgan.
Kamoliddin Rabbimov: Birinchidan, Putin oldindan aniq prognoz qilib boʻlmaydigan siyosatchi. Ikkinchidan, uning qarashlari, rejalari va ishtahalari vaziyatga qarab oʻzgaradi. Agar ertaga Ukraina masalasida yoki boshqa yoʻnalishda maʼlum bir muvaffaqiyatga erishsa, shunga yarasha uning ishtahasi ham ortishi mumkin. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Putinga ishonmaydi, ishona olmaydi. Chunki Putin yillar davomida xalqaro hamjamiyatni chalgʻitib, oʻz bayonotlari va vaʼdalaridan taktika sifatida foydalanib keldi. U Gʻarb siyosatchilariga xos siyosiy muloqot uslubida ish tutmaydi. KGB tizimidan shakllangan siyosiy tajribasi sababli bayonot, vaʼda va muzokaralarni koʻpincha taktik vosita sifatida qoʻllaydi.















