O‘zbekiston | 10:09 / 08.05.2019
17290
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning arxitektura-shaharsozlik faoliyatiga aloqador yangi qarori qabul qilindi

Foto: Depositphotos

Hukumat qarori bilan Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi telegram kanali yozmoqda.

Nizomga muvofiq, litsenziya olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat qilinadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tiladi.

So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

soha bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lgan muhandislar va loyiha arxitektorlari, bosh hamda yetakchi mutaxassislar diplomlari;

korxonaga ishga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqlar nusxalari;

zarur bino-inshoot hamda asbob-uskunalar va inventarning talabgorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatilganligi uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

So‘rovnoma to‘ldirilganidan so‘ng Davlat xizmatlari markazlari bir soatda uni Qurilish vazirligiga yuboradi.

Qurilish vazirligi so‘rovnoma tushganidan boshlab 7 ish kunida litsenziya berish uchun hisobvaraq-fakturani litsenziya berishning davlat bojini ko‘rsatgan holda Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali talabgorga yuboradi.

Talabgor bir oyda davlat bojini to‘lashi lozim.

Qurilish vazirligi davlat boji to‘langanidan so‘ng bir ish kunida litsenziyani elektron shaklda rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markazlariga yoki YaIDXP orqali talabgorga yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi litsenziya tushganidan so‘ng 10 daqiqada uni talabgorga yuboradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid