Kun.uz saytiga Surxondaryo viloyati Angor tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar murojaat qilishdi. Murojaatda opa-singil tadbirkorlar Xalima va Muhabbat Nurqobilova tuman va o‘zlari faoliyat yuritayotgan bozor hududi mutasaddilaridan noroziliklarini ifoda etishgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ularga qarashli YaTT (yakka tartibdagi tadbirkor) Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod tuman markazida qurilayotgan do‘konlardan uzoq yillik ijaraga do‘kon sotib olishni rejalashtirishgan. «BEST RIELTOR» MChJ Surxondaryo mintaqaviy filialida ochiq auksion savdosi tashkil qilinadi va ular bu auksionda qatnashishadi.

O‘tkazilgan auksionda YaTT Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod g‘olib chiqishadi. 2017 yilning 5 dekabr sanasida tomonlar ishtirokida g‘oliblik bayonnomasi imzolanadi.

Bayonnomaning xaridor majburiyatlariga diqqat qaratadigan bo‘lsak, u yerda «auksion savdosi g‘olibi savdo o‘tkazilgan kundan boshlab 5 (besh) ish kun muddat ichida sotuvchi «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ va Angor tumani hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasi bilan oldi-sotdi shartnomasini imzolash, imzolagandan so‘ng 30 kun muddat ichida pul to‘lovlarini qurilish tashkiloti Angor tuman hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasining hisob raqamiga to‘liq to‘lash shartlari yuklatiladi» deyilgan.

Bayonnomaga ko‘ra, avval 5 (besh) ish kun muddat ichida sotuvchi «Angor kelajagi» savdo kompleksi MChJ va Angor tumani hokimligi huzuridagi savdo kompleksi qurilishi direksiyasi bilan oldi-sotdi shartnomasi imzolanishi nazarda tutilgan. Shartnoma imzolanganidan keyin 30 kun ichida do‘konni ijaraga olish huquqi narxini «tiyin-tiyinigacha to‘lab qo‘yish» belgilangan.

Xaridorlar shartnoma imzolanmagach, pulga kuyib qolishdan qo‘rqib uni o‘tkazishmagan. Shundan so‘ng, ma'lum vaqt o‘tib do‘konlar boshqa tadbirkorlarga berib yuboriladi. Hozirda bu katta muammoga aylangan. Orada bu ishlar bir necha marta iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan. Tuzilgan bayonnomani bekor qilishni so‘rab qilingan da'volarda YaTT Ergashev Baxtiyor, YaTT Sulaymonov Elmurod g‘olib chiqishgan.