To‘rt yil oldin, Yurgen Klopp «Liverpul»ga kelgan ilk oylar edi. Adashmasam, dekabr oylarida jamoa o‘z maydonida «Vest Bromvich»ni qabul qildi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi. «Vest Bromvich» bilan. Mezbonlar o‘yinning oxirgi daqiqalarida hisobni tenglashtirib, mag‘lubiyatdan zo‘rg‘a qutulib qoldilar. «Vest Bromvich» bilan.
O‘yin tugagach, Klopp shogirdlarini yig‘di va ularni ashaddiy muxlislar o‘tiradigan sektorga olib bordi. Barcha futbolchilar bir-birlarining qo‘llarini ushlab, osmonga qaratib, durangni nishonlay boshladilar. «Vest Bromvich» bilan durangni.

Internet tarmog‘ida memlarga sabab bo‘lib ketgan bu sahna, ochig‘i, menga ham juda erish tuyilgandi. Faqat menga emas. Qiziqda, Angliyaning eng sovrindor klublaridan biri shu darajada tushdimiki, «Vest Bromvich» bilan durangni shunaqa nishonlasa? Jamoani yuqori saviyaga olib kelishi kerak bo‘lgan bu nemis g‘irt masxaraboz ekan-ku?
O‘sha voqeadan so‘ng qancha daryolar oqib ketdi. Bir necha oy o‘tib, «Liverpul» o‘z maydonida «Borussiya»dan 1:3 hisobida ortda borib, g‘alaba qozonib ketgan o‘yinni ham ko‘rdik.

Nazarimda, o‘sha ilk durangda Kloppga raqibning yoki o‘sha bir ochkoning umuman ahamiyati bo‘lmagan. Ahamiyatlisi, shogirdlarini kurashga o‘rgatish, qarshisida kimligining ahamiyati yo‘q bir raqib va qanchalik qiyinligini ahamiyati yo‘q bir vazifa turganda, qanchaligi ahamiyati yo‘q vaqt va imkon bor ekan, oxirigacha harakat qilish kerakligini tushuntirmoqchi bo‘lgandi.
Aslida mana shunday qiyin vazifalar bajarilganda qanchalik zavqli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgandi shogirdlariga.
Va mana, bugungi o‘yin...

Men Yurgen Klopp ajoyib taktika o‘ylab topib, o‘yinda burilish yasab, «Barselona» ustidan g‘alaba qozonganiga ishonmayman. Uchrashuvda dubllar qayd etgan ikki futbolchi agar ba'zi o‘yinchilar jarohat olishmaganda, umuman maydonga tushishmasdi ham balki. Klopp bu o‘yinga ataylab qandaydir o‘ziga xos tarkib tanlamadi, baxtga qarshi, balki uning baxtiga, boshqa iloji ham yo‘q edi, qo‘l ostida mavjud bo‘lgan bor futbolchilardan foydalandi, xolos.



















