Chempionlar Ligasi finaliga «Liverpul» yo‘l oldi. O‘tgan yilgi finaldan so‘ng kimdir Klopp jamoasi keyingi mavsumda ham YeChL finaliga yetib boradi desa, bunga ishonish qiyin emasdi. Lekin yarim finalning ilk o‘yinida Barselonada 0:3 hisobida yutqazgan, javob uchrashuvi oldidan asosiy yetakchilarisiz qolgan mersisaydliklarni finalga chiqadi deb o‘ylash ertakka o‘xshab qoldi.
Messining bir qarashda «Liverpul»ni sindirgan jarima zarbasi, Suaresning super formada ekani, «Barselona»ning Ispaniyada chempionlikni naqd qilib, bor e'tiborni Chempionlar Ligasiga qaratgani, Angliyadagi o‘yinda Muhammad Saloh, Roberto Firmino va Nabil Keytaning maydonga tushmagani — bularning hammasi javob bahsida kataloniyaliklarning imkoniyatlari yuqoriligini ko‘rsatardi.
Ammo «Liverpul» yetakchi futbolchilarisiz ayni damda dunyoning eng zo‘r jamoasidek ko‘rinayotgan «Barselona»ni 4:0 hisobida yengib, fantastik kambekni amalga oshira oldi. Klopp jamoasining buyuk g‘alabasi haqida ko‘p gapirildi, bu chindan ham butun futbol tarixidagi eng esda qolarli kambeklardan biri bo‘ldi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega «Barselona» qatorasiga ikkinchi mavsumda kambeklar qurboni bo‘lmoqda? Tarkibida dunyoning eng zo‘r futbolchisi o‘ynayotgan jamoaga nima yetishmayapti? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.
Rim oqshomlari...
Rim «Barselona» uchun omadli shahar edi. 2009 yil Gvardiola shogirdlari aynan Rimda «MYu»ni yengib, Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishgandi. Messi Ronalduni mag‘lub etgandi o‘sha finalda. Ammo o‘tgan mavsumda Rim Messi va jamoadoshlari uchun omadsiz shaharga aylandi. «Roma» YeChL chorak finalining birinchi o‘yinida «Barselona»ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berganiga qaramay, o‘z maydonida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, kataloniyaliklarni musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘sha mag‘lubiyatli o‘yin bilan kechagi «Liverpul»ga qarshi o‘yin bir-biriga juda o‘xshaydi.
Birinchidan, har ikki o‘yinda «Barselona»ning imkoniyatlari ancha yuqori deb baholangandi. Ikkinchidan, «Barselona» ikki qarama-qarshilikda ham birinchi o‘yinda uchta gol farqi bilan g‘alaba qozongandi. Uchinchidan, «Barselona»ni mag‘lub etgan ikki jamoa darvozasida ham Alison Beker o‘ynadi.
«Roma» va «Liverpul» bilan o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar bir-biriga ssenariy borasida ham o‘xshaydi. Rimda ham, Liverpulda ham «Barselona» birinchi golni o‘yin avvalida, hal qiluvchi gollarni o‘yin yakunida o‘tkazib yubordi. Ikkita o‘yinda ham gol urishi kerak bo‘lgan «Barselona» bosim qila olmadi. La Ligada har mavsumda o‘nlab o‘yinlarda qiyin vaziyatlardan chiqib ketgan «Barselona» eng kerak pallada, Chempionlar Ligasining hal qiluvchi bosqichlarida gol urishi kerak bo‘lgan vaqtda hech narsa qila olmayapti.


















