«O‘zbekiston ovozi» gazetasi mamlakat mustaqilligining dastlabki yillaridagi murakkab voqealar, ziddiyatli holatlarning guvohi bo‘lgan, sobiq ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatov bilan suhbat uyushtirdi

Zokirjon Almatov suhbat davomida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga aloqador ba'zi ma'lumotlarni oshkor qildi.

«Yurtdoshlarimizga ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etilgan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, u kishi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi.

Bir misolni aytay, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham muftiy, ham sobiq Ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida sovet hukumati rahbariyatiga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ko‘tarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan. Aynan shu misolning o‘zi ham u kishining vatanparvarligi, jasoratini ko‘rsatib turibdi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bir umr Islom dini haqiqatlarini fidoyi bo‘lib targ‘ib etib kelgan, bu mavzuda ko‘plab kitoblar yozgan, yuksak ma'naviyatli inson edilar. Bunday ma'rifatparvar, dili pok zot xotirasi oldida faqat haqiqatni aytish lozim, albatta. Asossiz, ayniqsa, yolg‘on aralashgan gap-so‘zlar u kishining ruhini bezovta qiladi, deb o‘ylayman.

Yana takror aytaman: bu ulug‘ zot nafaqat g‘oyat ma'rifatli, ayni chog‘da jur'atli inson bo‘lgan. 1990-yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi sifatida mintaqada musulmonlarning birdamligini saqlash, turli fitna va guruhbozliklar kelib chiqishining oldini olishda o‘tkir zehn, jasorat bilan xizmat qilganlar.

1991-1993 yillarda mamlakatda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan edi. Toshkent shahrida, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida muqaddas dinimizni niqob qilib olgan g‘alamislar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni hukumatga qarshi qo‘yishga intilib, turli tartibsizliklarni tashkil qilishga urindilar. «Adolatchilar», «Islom lashkarlari» degan to‘dalarni tuzishga harakatlar bo‘ldi. Chalasavod, johil kimsalar to‘planib olib, jinoyatchilikka qarshi kurashyapmiz, degan niqob bilan odamlarni o‘zlari «sud» qilib, jismoniy jazo qo‘llash holatlarini sodir etishdi. Ana shu qiyin vaziyatlarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari hududlarga shaxsan o‘zlari borib, aholi bilan gaplashib, vaziyatni o‘nglash, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatish masalasida juda katta ishlarni amalga oshirganlar. Shu insonning bevosita harakatlari bilan ko‘p g‘alayonlarning oldi olindi. U kishining Islom olamidagi katta obro‘si, mamlakatda tinchlik osoyishtalik o‘rnatishdagi beqiyos xizmatlari yuksak e'tirofga loyiqdir.