Lukas Mouraning het-trigi «shporlar»ga Amsterdamda kambek qilib, YeChL finaliga chiqdi. Endi ular tarixda ilk bor «quloqli kubok» uchun maydonga chiqishadi.
Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Ayaks» (Niderlandiya) – «Tottenhem» (Angliya) – 2:3 (2:0)
Gollar: de Ligt, 5 (1:0). Ziyosh, 35 (2:0). Lukas Moura, 55 (2:1). Lukas Moura, 59 (2:2). Lukas Moura, 90+6 (2:3).
«Ayaks» (Amsterdam): Onana, Mazraviy, de Ligt, Blind, Talyafiko, Shone (Feltman, 60), van de Bek (Magalyan, 90), de Yong, Ziyosh, Tadich, Dolberg (Sinkgraven, 67).
«Tottenhem» (London): Lloris, Tripper (Lamela, 81), Alderveyreld, Fertongen, Rouz (Deyvis, 82), Sissoko, Vanyama (Lorente, 46), Eriksen, Alli, Lukas Moura, Son Xin Min.
Ogohlantirishlar: Sissoko, 16. Dolberg, 50. Rouz, 76. Ziyosh, 77. Onana, 90+5.
Hakam: Brix (Germaniya).
8 may. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni.
Birinchi o‘yin – 1:0.
Mo‘jizaning odatga aylanishi
Liverpulda mo‘jiza ro‘y berib, «Liverpul» «Barselona»ni 4:0 hisobida yengib, Chempionlar ligasi finaliga chiqqanidan keyin Amsterdamdagi o‘yindan ham istalgan natija kutish mumkin edi. Safardagi g‘alaba «Ayaks»ning imkoniyatlarini oshirib yuborgan, ammo «Tottenhem»da ham optimistik kayfiyat saqlanib qolgan, Chempionlar ligasida endi 0:1 hisobi hali hech narsani anglatmasdi. «Tottenhem»ga «Liverpul» yaxshi namuna bo‘lishi kerak edi.
«Ayaks» bu o‘yinda klassik markaziy hujumchi bilan o‘ynashga qaror qildi. David Neres kichik jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibga kirmadi, Erik ten Haag uning o‘rniga Kasper Dolbergni maydonga tashladi, Dushan Tadich «aldamchi to‘qqizlik» sifatida harakat qiladigan bo‘ldi.
De Ligtning tezkor goli
Lekin 0:2 - boshqa ish, ayniqsa javob uchrashuvining 5-daqiqasidayoq hisob ochilsa. «Tottenhem»ning muammolari hushtak chalinishi bilan boshlanib ketdi va bu tez orada tabloda ham aks etdi. Avvaliga Lloris Tadichning xavfli zarbasini bartaraf etib, to‘pni burchak tomonga chiqarib yubordi. Burchak zarbasi ijro etilganida esa Shenening pasi de Ligtning boshiga «qo‘ndi», 19 yoshli sardor esa mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. «Ayaks»ning Chempionlar ligasidagi 150-goli muhim golga aylanadigandek edi - bu niderlandlarning YeChL finali uchun navbatdagi qadami edi.

















