Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

1-banddagi (Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlari ma'muriyatlarining, ichki ishlar organlarining ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta'minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi) “ichki ishlar organlarining” so‘zlaridan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va boshqa davlat organlari bo‘linmalarining” so‘zlari qo‘shiladi.

13-bandning (Komissiyani vakolatli organ rahbarining tegishli o‘rinbosari boshqaradi. Komissiyaning tarkibiga hududiy ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Komissiyani vakolatli organ rahbarining tegishli o‘rinbosari boshqaradi. Komissiya tarkibiga hududiy ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi”.

15-bandning (Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta'minlash chora-tadbirlari) to‘rtinchi xatboshidagi “hududiy ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bo‘linmalari” so‘zlari qo‘shiladi.

38-bandning (Ommaviy tadbirni o‘tkazishda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi yoki fuqarolarning xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelganda komissiya tomonidan yangi yuzaga kelgan holatlarni hisobga olgan holda, obektning ruxsat berilgan ommaviy tadbirni o‘tkazishga tayyorligini va ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ommaviy tadbir tashkilotchisi va ommaviy tadbirni o‘tkazish obektining ma'muriyati tomonidan amalga oshiriladigan tayyorgarlik chora-tadbirlari holatini o‘rganuvchi ishchi guruh tashkil qilinadi) ikkinchi xatboshidagi “Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati” so‘zlari bilan almashtiriladi.