Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Hokim – kim: ish boshqaruvchimi yo mutlaq hukmdor?» sarlavhali maqolasi O‘zA’da e'lon qilindi. Quyida maqoladan ayrim parchalar keltiriladi.

«Keyingi paytlarda mahalliy hokimiyat tizimidagi kamchiliklar, ayniqsa, hokimlarning oddiy fuqaro bilan munosabati, aholi muammolarini hal etishda eskicha yondashuvdan qutula olmayotganligi tanqid qilinmoqda. Nima, bu munosabat ilgari risoladagidek edi-yu, endi yomon bo‘ldimi? 

Albatta, yo‘q. Avvallari ahvol bundan o‘n chandon yomonroq edi. Ommaviy axborot vositalarining ancha erkin va ochiq faoliyat yuritishiga yaratilgan sharoit amaldorlarning kirdikorlari haqida ochiq so‘z yuritishga yo‘l ochdi. Yurtdoshlarimiz endi “kattalar”ning hamma aytganlarini ichga yutmasdan, erkin gapiradigan, jurnalist bilan baham ko‘radigan bo‘ldi. 

Aholi tuman, shahar, viloyat birinchi rahbarlarining o‘z zimmasidagi vazifalarni qanday bajarayotganligiga, o‘zgalarga bo‘lgan munosabatiga qarab davlatga baho beradi. Demokratik mamlakatlarda aholi muammolarining 80 foizi mahalliy davlat organlari darajasida hal bo‘larkan. Prezidentimiz uqtirgandek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan bo‘lsa, bu birinchi navbatda, mahalliy boshqaruv organlari faoliyati orqali namoyon bo‘lmog‘i lozim.

Bizda hokimlar vazifaga tayinlanganligidan ko‘p o‘tmasdan “buzila” boshlanishiga yoki xalqimiz oddiygina aytgandek, oyog‘i yerdan uzilishiga sabab nima? Buni faqat ularning shaxsiy qusurlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Axir, tayinlashdan oldin ular ko‘plab tekshiruvlardan o‘tadi-ku! Yoki tekshiruvlar (tekshiruvchilar) mezonida bir gap bormi?

Bu holning asosiy sababi joylarda birinchi rahbarning hokimi mutlaqqa aylanishiga olib keluvchi sharoit va imkoniyat yaratib qo‘yilganligidadir. Ular nafaqat aholiga, balki o‘zidan pastda turuvchi davlat organlari oldida hisobotlar emas va tanho mansab pillapoyasida o‘zidan yuqori turuvchilar aytganini so‘zsiz bajaradi. Shundan ular o‘z faoliyati davomida “past”ga emas, doimo “tepa”ga qarab ish ko‘radi.

Odamlarni mensimaslik, o‘z ustidan nazoratni yo‘qotib, katta-kichik yig‘ilishlarda o‘zgalarni kamsitish, haqoratlash kabi illatlar ba'zi bir hokimlar uchun odatiy holga aylandi. Oldingi hokim qabul qilgan hujjatlarni, ayniqsa, yer ajratish haqidagi qarorini bekor qilish, yer maydonlarini boshqalarga berib yuborish kabi holatlar ham talaygina. Bunga istagancha misol keltirish mumkin. 

Hokimlar aholi huzuriga biror-bir masalani hal qilish uchun borsa, o‘zi bilan prokuror va ichki ishlar organi boshlig‘ini olib boradi. Lekin ular doim ham hal qilinishi lozim bo‘lgan muammoga daxldor bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pchilik guvoh bo‘lgan bo‘lsa kerak: hovli-joyni buzish, fermerni topshiriqni vaqtida bajarmading deb tergash, bir tadbirkor mulkini boshqasi foydasiga olib qo‘yish lozim bo‘lgan paytda hokim yonida huquq-tartibot organlari rahbari hozir bo‘ladi. Davlat boshqaruv organi rahbari hatto noqonuniy harakat qilgan paytda ular – qonun posbonlari – jim turadi», - deb yozadi jurnalist.