Jahon | 12:52 / 11.05.2019
22646
2 daqiqa o‘qiladi

«Chegara bilmas muxbirlar» Toqayevni Nazarboyevning «repressiv usullari»dan voz kechishga chaqirdi

Foto: TASS

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti 9 may kuni Qozog‘istonda yuz bergan «ommaviy internet-senzura»ni qoralovchi bayonot bilan chiqdi va «muvaqqat prezident Qosim-Jomart Toqayevni o‘zidan avvalgi rahbar - Nursulton Nazarboyevning «repressiv amaliyoti»dan voz kechishga» chaqirdi.

Tashkilotning rasmiy bayonotida aytilishicha, mamlakatda 9 may kuni ertalabdan bir nechta axborot vositalarining saytiga kirib bo‘lmagan, Facebook, Telegram, YouTube hamda Instagram «kun o‘rtasida uzilgan».

«Chegara bilmas muxbirlar»ning ta'kidlashicha, «muxolifatchi Muxtor Ablyazov chaqiriq bilan chiqqan tinch norozilik namoyishlari, xuddi o‘tmishda bo‘lgani kabi, senzurani keltirib chiqardi».

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Johann Birning so‘zlarini keltiradi: «Jamiyatning axborot olish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilinishini hech qanday bahonalar bilan oqlab bo‘lmaydi».

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston hukumati «agarda islohot siyosati ishonchli bo‘lishini xohlasa, unda avvalgi davrning repressiv amaliyotidan voz kechishi kerak. Internet-senzura Qozog‘iston «Butunjahon matbuot erkinligi indeksi»da 180 pog‘onadan 158-o‘rinni egallab turganining sabablaridan biri. Bu ko‘rsatkich xalqaro miqyosdagi obro‘ga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda».

«Chegara bilmas muxbirlar»ning fikricha, Qozog‘iston hukumati «mart oyida Nazarboyev iste'foga chiqqanidan keyingi namoyishlar to‘lqinidan xavotirda».

9 may kuni mamlakatda bir nechta OAV va inson huquqlari tashkilotlarining veb-saytlariga kirish to‘sib qo‘yildi. Internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlarga ham kira olmaganlar, ba'zilar internet va mobil aloqadagi uzilishlar haqida xabar berishdi.

Mavzuga oid