O‘zbekiston | 11:20 / 13.05.2019
67112
5 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari tezlikni o‘lchash moslamalarini boshqa shaxslarning transportiga o‘rnatishi mumkinmi?

Foto: IIB YHXB matbuot xizmati

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, yo‘l harakati qatnashchilarining qoidalarga rioya etishlarini nazorat qilish maqsadida maxsus moslamalardan foydalaniladi.

YPX xodimlari tomonidan yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatini nazorat qilishda foydalaniladigan maxsus moslamalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tgan bo‘lishi lozim.

Transport vositalarining oqimi va yo‘l sharoitini hisobga olgan holda, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslar biriktirilgan YPX xodimlari tomonidan ularning kunlik dislokatsiyasi belgilangan va maxsus moslamalardan tegishli tartibda foydalanish choralari ko‘rilgan bo‘lishi lozim.

Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslar bilan ishlashga ulardan foydalanish tartibini puxta o‘zlashtirgan va qo‘llash qoidalari bo‘yicha sinovdan o‘tgan YPX xodimlariga ruxsat beriladi.

Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim.

YPX xodimlarining patrul avtomobillarida foydalanish belgilab qo‘yilgan tezlikni o‘lchash moslamalarini o‘zboshimchalik bilan yechib olishi va xizmatga aloqasi bo‘lmagan boshqa (jismoniy va yuridik) shaxslarning transport vositalariga o‘rnatishi hamda xizmatni o‘tashga aloqador bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilishi qat'iyan taqiqlanadi.

Mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibini saqlashning avtomatlashtirilgan (kompyuterlashtirilgan) boshqaruv tizimi tarkibidagi yo‘l harakatini nazorat qilish hamda video kuzatish texnik vositalarining joylashuvi va ish tartibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadigan dislokatsiya bilan belgilanadi.

Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash joyi va vaqti DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.

Haydovchi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash orqali aniqlanganda, u belgilangan tartibda YPX xodimi dislokatsiyasining ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishishi yoki yozma ma'lumot olishi mumkin.

Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslar yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan rasmiylashtirilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarga huquqbuzarlik holatlari ko‘rsatilgan fotosuratlar ilova qilinadi.

Qoidalar buzilishining oldini olish uchun YPX xodimi patrul avtomobili, maxsus moslamalarni imitatsiya qiluvchi qurilmalar (maketlar, manekenlar) yordamidan foydalanishi mumkin.

Dislokatsiyaga asosan tezlikni o‘lchash vositasi bilan xizmatga jalb etilgan YPX xodimi hududiy yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari mas'ul xodimidan tezlikni o‘lchash vositasini (mobil komplekslar bundan mustasno) va unga tegishli sertifikatni (yoki uning nusxasini) qabul qilib oladi va uning butligi, sozligi, o‘rnatilgan tartibda ishlatilishiga mas'ul hisoblanadi.

Ruxsat etilmagan, sertifikatga ega bo‘lmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo‘lmagan maxsus moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.

Bunda ruxsat etilmagan, sertifikatga ega bo‘lmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo‘lmagan tezlikni o‘lchash vositalari asosida rasmiylashtirilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.

YPX xodimi dislokatsiyaga asosan biriktirilgan hududga yetib borib, xizmatini boshlashidan oldin tezlik o‘lchash moslamasini foydalanish uchun tayyorlaydi, moslama xotirasiga uning o‘rnatilgan joyi, harakat yo‘nalishi, yuqori tezlik cheklangan ko‘rsatkichga qo‘shimcha besh kilometr farqi bilan ma'lumotni kiritib, xizmatga kirishadi.

Mavzuga oid