«Norma» MChJ eksperti Zafarjon Xo‘jayev dehqonlarga pensiya tayinlash qoidalari haqida gapirdi, deb yozmoqda O‘zA.

– Kishi qishloq joyda yashab, doim qishloq xo‘jaligida band bo‘ladi – qoramol, sabzavot, meva va h.k. yetishtiradi. U qanday holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi?

– O‘zbekistonning barcha fuqarolari qatori, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari) yetishtirish bilan shug‘ullanadigan kishilar:

• 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun – budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan taqdirda;

• 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun – yagona ijtimoiy to‘lov to‘lagan taqdirda pensiya ta'minotiga haqli bo‘ladilar («Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 37-moddasi).

– U buning uchun qanday hujjatlarga (mehnat daftarchasi, ma'lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar va h.k.) ega bo‘lishi kerak?

– Odatda, o‘z tomorqalarida ishlovchilarda mehnat daftarchalari bo‘lmaydi. Shu sababli ular yashash manzili bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qilganda:

• soliq organlari tomonidan berilgan STIR rasmiylashtirilganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma nusxasi;

• pasport nusxasi;

• mehnat va jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi (agar mavjud bo‘lsa);

• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini (dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari) yetishtirish bilan bandligi to‘g‘risida ma'lumotnomani taqdim etishlari kerak (Nizomning 19-bandi, VMning 22.02.2016 yildagi 46-son qaroriga 1-ilova).

– Qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lgan kishilarning mehnat staji va ish haqi qanday hisobga olinadi?

– Bunday xodimlarga:

• 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun – bir yilda EKIHning kamida 4,5 baravari miqdorida sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;

• 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun – bir yilda EKIHning kamida 1 baravari miqdorida yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda, pensiya tayinlash uchun ish stajiga to‘liq kalendar yili qo‘shib hisoblanadi (Soliq kodeksining 311-moddasi; 252-son Nizomning 46-bandi).