«Huquqiy axborot» kanalida maʼlum qilinishicha, hukumatning 2026-yil 28-sentabrdagi 519-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentda tegishli tartib belgilangan.
Unga koʻra, mehnat shartnomasi alohida asoslarga binoan bekor qilingan quyidagi shaxslar muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun taqdimnoma rasmiylashtirish boʻyicha murojaat qilishi mumkin:
umumiy mehnat staji kamida 25 yil boʻlgan 58 yoshdan 60 yoshgacha erkaklar;
umumiy mehnat staji kamida 20 yil boʻlgan 53 yoshdan 55 yoshgacha ayollar.
Soʻrovnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - YAIDXP orqali yuboriladi. Unga mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasi ilova qilinishi kerak. Agar mehnat staji toʻliq raqamlashtirilmagan boʻlsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham taqdim etiladi.
Mahalliy mehnat organi hujjatlarni ikki ish kuni ichida tekshiradi. Shundan soʻng murojaat qilgan fuqaro ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olinadi va unga uch oy davomida maqbul ish topish choralari koʻriladi.
Agar shu muddat ichida maqbul ish topilmasa, fuqaro ishsiz deb eʼtirof etiladi. Muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlash uchun taqdimnoma esa Pensiya jamgʻarmasiga yuboriladi.
Pensiya tayinlanganidan keyin ishsizlik nafaqasini toʻlash keyingi oydan boshlab toʻxtatiladi.
Mazkur davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.
















