«Atletiko» fransuz hujumchisi klubdan ketishga qaror qilgani haqida rasman e'lon qildi.

Grizmanning ketish qarori qanday ma'lum qilindi?
Antuan Grizmann «Atletiko»ni tark etadi! Madridliklar klubi matbuot xizmati rasmiy saytida, fransuz hujumchisi klub bosh murabbiyi Diyego Simeone va klub bosh direktori Migel Anxel Xil Marin bilan uchrashuv o‘tkazgani, uchrashuvda u rahbariyatga mavsum yakunida klubni tark etishini ma'lum qilgani haqida rasmiy xabar berildi.

«Bu g‘aroyib 5 yil bo‘ldi, barchasi uchun katta rahmat, siz hamisha qalbimda qolasiz», — deya Grizmanning so‘zlarini keltirdi klub rasmiy sayti.

Hech kimga sir emaski, Grizmann faoliyatini «Barselona»da davom ettiradi. Katalonlar klubi «Atletiko»ga futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan badal puli miqdorini to‘lashga tayyor. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning 1 iyulida badal puli miqdori 200 mln yevrodan 120 mln yevrogacha tushadi. Mundo Deportivo ma'lumotiga ko‘ra, bu transferdan «Real Sosedad» ham 20 foizlik ulush (24 mln yevro) olishi mumkin.

Don Balon bergan ma'lumotga ko‘ra esa, «Barselona» va «Atletiko» futbolchilarini almashtirishga kelishgan. Ispaniya chempionlari «matraschilarga» 28 yoshli fransuz uchun o‘z yarimhimoyachisi Filippe Koutinoni taklif qilgan. Braziliyalik futbolchi ham Madridga o‘tishga rozi bo‘lgan.

Grizmanning «Atletiko»dagi faoliyati qanday kechdi?
Grizmann «Atletiko»da 5 mavsum o‘tkazdi. 2014 yilning iyulida madridliklar klubi uni «Real Sosedad»dan 30 mln yevro (Transfermarkt ma'lumoti) evaziga sotib olgandi. Fransuz futbolchisi o‘tgan mavsumlar davomida klub safida barcha turnirlar doirasida 256 o‘yinda maydonga tushdi va 133 gol urib, 50 golga uzatma berdi. 

«Atletiko» safida Antuan uchta sovrin egasi bo‘ldi – 2017/18 yilgi mavsumda Yevropa Ligasi, 2018 yilda UYeFA Superkubogi va 2014 yilda Ispaniya Superkubogi. 2016 va 2018 yillarda Grizmann France Football tomonidan «Oltin to‘p» uchun nomzodlarning uch kishilik ro‘yxatiga kiritildi. 2016 yilda uni Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi, 2018 yilda esa – Luka Modrich va Ronaldu ortda qoldirdi.

Diyego Simeone jamoasida u Yevropa futbolining haqiqiy yulduziga aylandi. «O‘ylaymanki, men hozirda Messi va Ronaldu bilan bir stoldaman. Bilaman, jahon futbolida yana ajoyib futbolchilar paydo bo‘ladi va anglab turamanki, rivojlanishda davom etish kerak. Bu men uchun stimul», degandi u o‘tgan yilning sentyabrida. Endi fransuz Messi uchun ishlaydi.