Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish» mavzusida jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Oliy sud raisi Kozimjon Komilov nutq qilgan.
«Avvalari bizning eshiklar jurnalistlar uchun yopiq edi. Buning yashiradigan joyi yo‘q. Sud sohasidagi islohotlar bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatish uchun sizlarni chaqirdik. To‘g‘risini aytish kerak, matbuot xizmatlari masalasida bizda kamchiliklar mavjud. Viloyatlarda matbuot xizmatlari yo‘q. 57ta viloyat, 607ta tuman va shahar sudlari mavjud. Ochig‘i, so‘nggi bir yilda qilingan ishlar beqiyos. Jurnalistlarning sudlarga kirishiga to‘sqinliklar olib tashlandi. Asosiy masala sudda tartib-qoida buzilmasligidir. Sudya protsess olib borayotganda jurnalistlar sudning ichki qoidalariga rioya etishi kerak. Prezident qarorlaridan so‘ng, oshkoralik yanada oshirila boshlandi. Brifing degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Bizda ishlarning 40 foizi sayyor sudlarda ko‘rilmoqda. Ochiqlik masalasiga kelsak, shanba kuni – Oliy sudda ochiq eshiklar kuni.
Hozir eng katta masala – xalqimizning huquqiy ongini oshirish. Bu juda og‘ir kechyapti. Ikki masala bizni qiynamoqda: berilayotgan materiallarning haqqoniyligi va hali kuchga kirmagan qaror yoki hukmni tarqatish. Bunga kimning haqqi bor. Andijonda mudhish, juda ham og‘ir jinoyat sodir etilgandi. Bu bir oila va jamiyat fojiasi. Sizlarning yozishingizga, kamchiliklarni ko‘rsatishingizga hech qarshilik yo‘q. Lekin huquqiy masalalarda jurnalistlarimizga yetarli bilimlar kerak. Shu paytgacha hech qaysi tashkilotdan «mutaxassislarimni o‘qitib bering» deydigani topilmadi.
Sud majlisida jurnalistlar ishtiroki bo‘yicha Nizom ishlab chiqsak, bu noto‘g‘ri bo‘lar ekan. Nizom bu faqat bir tashkilot uchun bo‘ladi. Bizda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida» va «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar mavjud. Bularning hammasini ko‘rib chiqib, isloh qilsak va umumlashtirib jurnalistlarga bersak to‘g‘ri bo‘ladi.

Hozir qonunlar o‘rganib chiqib, ular ustida ishlar ketmoqda. Qaysi qonun ishlamoqda, qaysilari yo‘q ko‘rib chiqyapmiz.
Sudyalarning hammasi ham qo‘ngildagidek deb ayta olmayman. Sud'yalarimizlarning oyog‘i yerdan uzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ular ochiq va samimiy bo‘lishi kerak. Biz nafaqat jurnalistlarni, sudyalarni ham o‘qitishimiz kerak ekan. Jurnalistik qonun-qoidalarni o‘rgatishimiz kerak.
















