Dam olish kunlari Italiya chempionatida 37-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» CheMPIONLIKNI NIShONLAGAN O‘YINIDA «ATALANTA» QARShILIGINI SINDIRA OLMADI

«Yuventus» o‘z maydonida mavsumdagi so‘nggi o‘yinni o‘tkazdi. Shu sababli, turinliklar bellashuvdan keyin chempionlikni muxlislar oldida nishonlashga qaror qilishdi.

Raqibning «Atalanta» ekani o‘yinga qo‘shimcha jozibani bag‘ishladi. «Yuventus» bu mavsumda bergamoliklar bilan safarda durang o‘ynagan, Italiya Kubogida esa yirik hisobda yutqazib, musobaqani tark etgandi. Shu sababli, turinliklar raqibdan o‘ch olishni ham maqsad qilishgandi. Ammo «Atalanta»ning rejasi boshqacha edi. Jamoa o‘z tarixida ilk marotaba Chempionlar Ligasiga chiqishga yaqin turibdi, bu esa futbolchilarga qo‘shimcha kuch va ishtiyoq berdi.

Birinchi bo‘limda «Atalanta» ustunligi sezilib turdi. Ular xavfli vaziyatlarni raqibga nisbatan ko‘proq yaratishdi. 33-daqiqada esa hisob ochildi. Burchak zarbasi amalga oshirilganidan so‘ng, Ilichich jarima maydoni ichida himoyachilardan chaqqonroq harakat qilib, Shchensni darvozasini ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda Allegri himoyachilarni zaxiraga olib, Bernardeski, Manjukich va Kenni maydonga tushirdi. Natijada, «Yuventus» bosimni oshirib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 80-daqiqada Kuadradoning jarima maydoniga yetkazgan to‘pini Manjukich yaqin masofa va o‘tkir burchak ostidan darvozaga yo‘lladi.

1:1 hisobida yakunlangan o‘yindan keyin «Yuventus» chempionlik unvonini tantanali nishonlash marosimini o‘tkazdi. «Atalanta» ham durangni «tantana qildi» desak ham bo‘ladi. Bu natijadan so‘ng bergamoliklar 66 ochko bilan musobaqa jadvalida 3-o‘rinni egallab turishibdi va o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkoniyatini saqlab qolishdi.

Yuventus – Atalanta 1:1 (0:1, 1:0)
19 may, «Alyans Stedium»
Gollar: 0:1 – 33 Ilichich, 1:1 – 80 Manjukich.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Bardzali (Manjukich, 61), Bonuchchi, Aleks Sandro (Bernardeski, 46), Kuadrado, Jan, Pyanich, Matyuidi (Kin, 85), Dibala, Ronaldu.
Atalanta – Gollini, Xatebur, Gimshiti, Masello, Kastan, de Ron, Froyler, Gosens (Manchini, 62), Gomes (Pashalich, 74), Ilichich (Barrou, 78), Sapata.
Ogohlantirishlar: Aleks Sandro (14), Xatebur (28), Ronaldu (45), Matyuidi (70).