Ispaniya La Ligasida 88-mavsum tarixga aylandi. 

Ispaniya chempionati. 38-tur
«Eybar» - «Barselona» - 2:2 (2:2)
Gollar: Kukurelya, 20 (1:0). Messi, 31 (1:1). Messi, 32 (1:2). De Blasis, 45 (2:2).
«Eybar»: Dmitrovich, Ramis (Alvares, 77), Xose Anxel, Oliveyra, Kukurelya, Xoan Xordan, Eskalante, Orelyana, Serxio Enrich (Kike, 66), Sharles (Kardona, 85), De Blasis.
«Barselona»: Sillessen, Pike, Jordi Alba, Serji Roberto, Semedu (Vage, 46), Langle, Rakitich, Vidal, Buskets (Alenya, 65), Messi, Malkom (Peres, 73).
Ogohlantirishlar: Ramis, 33. Semedu, 42. De Blasis, 44. Xose Anxel, 80. Jordi Alba, 83. Eskalante, 83.
Hakam: Munuera Montero (Ispaniya).
19 may. Eybar. «Ipurua» stadioni.

Bir yil muqaddam ko‘pchilik yangi mavsum «Atletiko»niki bo‘lishi haqida taxmin qilayotgan, chunki Yevropa Ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan «matraschilar» Simeone va Grizmanni tarkibda saqlab qolishgach, UYeFA Superkubogi uchun bahsda «Real»ni yakson etishgandi (4:2). «Qirollik klubi» Lopetegi boshchiligida qayta qurish davrini boshdan kechirishi, Rimda katta muvaffaqiyatsizlikka uchragan Valverde boshchiligidagi «Barselona»da esa tushkunlik kuzatilishi kutilgandi.

«Real»da chindan ham qayta qurish davri boshlandi. Ammo Peresning sabrsizligi tufayli avvaliga birinchi arxitektor, keyin ikkinchisi ishdan bo‘shatildi. Shundan so‘ng, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy ishga qaytarildi - ammo Zidan ham madridliklarni qo‘rqinchi tushdan olib chiqolmadi. Yakshanba kuni mavsumning oxirgi turi doirasida «Santyago Bernabeu»da «Betis»dan uchralgan mag‘lubiyat - mavsum uchun haqiqiy baho bo‘ldi. «Real» mavsumda barcha turnirlar doirasida 18 bor mag‘lub bo‘ldi (klub tarixidagi eng yomon ikkinchi ko‘rsatkich, oxirgi marta bunday ko‘rsatkich 1994/95 yilgi mavsumda qayd etilgan, klub tarixidagi eng yomon natija esa 1984/85 yilgi mavsumda kuzatilgan - 19 mag‘lubiyat), La Ligadagi 38 uchrashuvdan 12tasida yutqazdi (so‘nggi 20 yillikdagi antirekord), 5 bor durang o‘ynadi, 21 g‘alabaga erishdi va 68 ochko (so‘nggi 17 yil ichidagi eng yomon natija) bilan uchinchi o‘rinda qoldi - madridliklar turnir jadvali peshqadami «Barselona»dan 19 ochko ortda qolishdi (Bu ham antirekord. Avvalgi antirekord o‘tgan yili qayd etilgan - 17 ochko).