O‘zbekiston | 14:55 / 21.05.2019
7987
2 daqiqa o‘qiladi

Elmira Bositxonova: «Farmindustriyani bozorga aylantirib qo‘ydik»

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mavjud kamchiliklar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

O‘zaro muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berishdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova farmatsevtika bo‘yicha hal qilinishi lozim bo‘lgan qator masalalarni sanab o‘tdi.

«O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining asosiy maqsadi bemorlarni davolash emas, balki foyda olish manbaiga aylanib qoldi. Dorixonalar faoliyati tadbirkorlar darajasida bo‘layotgani bizning og‘riqli nuqtamizdir. Tadbirkorlar faoliyatiga esa aralashib bo‘lmaydi. Vaqt o‘tib dorixonalarning roli o‘zgarib, bemorlarni davolash asosiy vazifasiga aylanishiga umid qilamiz. Shuningdek, aholi tibbiy madaniyati ham dolzarb masala hisoblanadi. Dori vositalari maxsus ruxsatnomaga ega dorixonalardan xarid qilinishi kerak, deb ko‘p ta'kidlanadi. Ammo hamma ham bunga rioya qilmaydi. Dorini kimlarningdir maslahatiga ko‘ra emas, faqat shifokor ko‘rsatmasiga binoan qabul qilish lozim, degan mafkuraga o‘tishimiz darkor. Tibbiy madaniyatni oshirish rivojlanishning eng muhim bosqichi bo‘lishi kerak», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bositxonova o‘z nutqida o‘zbek tilida tibbiy adabiyotlarni chiqarishda oqsoqlik qilinayotganini ham alohida ta'kidladi. Bunga sabab mutaxassislarni o‘qitishda asosan rus tilidan foydalanilishi ekanini keltirib o‘tdi.

«Buning oqibatida xorijdan kirib kelayotgan dori vositalari yo‘riqnomasi noto‘g‘ri tarjima qilinishiga va noto‘g‘ri qo‘llanilishiga olib kelyapti», deydi u.

Mavzuga oid