Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Yangi tahrirdagi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari Kengashlari tegishli viloyat, tuman, shahar hududida istiqomat qiladigan fuqarolar tomonidan saylanadi, ularning irodasini ifoda etadi va qonunchilikka muvofiq uni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilaydi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi hisoblanadi va tegishli hududdagi ijroiya hokimiyatini boshqaradi. Viloyat, Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordirlar. Tuman, shahar hokimi yuqori turuvchi hokim va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordir.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega bo‘ladilar.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, ijtimoiy adolat, demokratizm, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, hududlarni barqaror rivojlantirish, ochiqlik va faoliyatning shaffofligi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi qarorlar qabul qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi qarorlar qabul qiladi va farmoyishlar chiqaradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qarorlari loyihalari majburiy tartibda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qarorlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi, basharti qarorlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa hujjatlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
















