O‘zbekiston | 03:40 / 23.05.2019
3411
2 daqiqa o‘qiladi

Olis qishloqlarda tarmoq ishga tushirgan provayderlarining foyda solig‘i yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi

Foto: Pexels

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etilmoqdaki, unga muvofiq:

a) davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan budjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta'minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

  • ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
  • «O‘zbektelekom» AK tomonidan Internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat'i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;
  • olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish;

b) telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlariga, ular telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanganidan so‘ng, ularning buyurtmalari bo‘yicha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlari uchun zarur mablag‘larni ajratadi.

Mavzuga oid