O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda bir qator vazirlik va idoralarga yangi vazifalar yuklatilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:

• telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga telekommunikatsiya obektlarini o‘rnatishga har taraflama ko‘mak bersin, shuningdek, zaruratga ko‘ra, ularning temir yo‘llar bo‘yidagi elektr tarmoqlariga ulanishini ta'minlaydi;
• yo‘l-transport infratuzilmasini qurish va kapital ta'mirlashda bir vaqtda temir yo‘llari bo‘ylab, shuningdek, zaruratga ko‘ra, avtomobil yo‘llari bo‘ylab kelgusida telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga ijaraga berish uchun telekommunikatsiya kanalizatsiyasini qurishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

• Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish hamda olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlarga, shuningdek, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
• ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyat markazlarida tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining server hamda telekommunikatsiya qurilmalarini zamonaviy maydonchalarda joylashtirish bo‘yicha xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi xosting va trafik almashuvi markazlarini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
• har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma'lumotlar portalida keng polosali ulanish va mobil Internet qamrovi zonalari to‘g‘risida hududlar kesimidagi ma'lumotlarni e'lon qilib etib boradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

• telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining murojaatlari asosida olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo‘llari bo‘ylarida doimiy foydalanish (yoki uzoq muddatli ijara) huquqida telekommunikatsiya tarmoqlarini, shu jumladan, optik-tolali aloqa liniyalarini, antenna minora va machtalarini hamda telekommunikatsiya obektlarini o‘rnatish xonalarini qurish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida ajratilishini ta'minlaydi.