O‘zbekiston | 03:29 / 23.05.2019
5594
3 daqiqa o‘qiladi

Telekommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta'minlanmagan binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi

Foto: Pixabay

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion hududlarda, magistral avtomobil va temir yo‘llari bo‘yida telekommunikatsiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmog‘iga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish sur'atlari yetarli emasligi ta'kidlab o‘tilgan.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta'sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta'minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida belgilab qo‘yilmoqdaki:

  • telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va obektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida o‘rnatilgan stansiyalar (telekommunikatsiya obektlari) mulkchilik shaklidan qat'i nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari hisoblanadi;
  • muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari, shu jumladan, kabel kanalizatsiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan ta'minlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, ma'muriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 2019 yil 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno;
  • telekommunikatsiya obektlarini ko‘chirish, qayta o‘rnatish, shuningdek, ularning faoliyatiga uchinchi shaxslar tomonidan har qanday aralashish yuzaga kelgan muammolarni hal etishning boshqa imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan hollardagina hamda faqat mazkur obektlarning egasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining telekommunikatsiya obektlarini ko‘chirish yoki qayta o‘rnatish, ularni sozlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlari mazkur o‘zgarishlarning tashabbuskori tomonidan to‘liq hajmda qoplanadi;
  • binoda yashovchilardan telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud bo‘lganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikatsiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan beg‘araz asosda foydalangan holda o‘tkazishni rad etishga yoki to‘sqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish bundan mustasno.

Mavzuga oid