O‘zbekiston | 11:44 / 24.05.2019
45240
3 daqiqa o‘qiladi

«Stop-chiziq»ni bosib kirganlik uchun jarima kamaytirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta'minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

128-moddaning birinchi qismidagi «128-3, 128-5, 128-6 va 130-moddalarida» degan so‘zlar «128-3-moddasida, 128-4-moddasining birinchi qismida, 128-5, 128-6 va 130-moddalarida» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

128-4-modda quyidagi tahrirda bayon etildi:

«128-4-modda. Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi

Svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida yo‘lning qatnov qismidagi yo‘l chiziqlari yoki yo‘l belgilari bilan belgilangan to‘xtash chizig‘ini bosib kirish, –

eng kam ish haqining ikkidan bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi, –

eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan o‘sha huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan o‘sha huquqbuzarlik ma'muriy jazo ikki marta qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi».

Mavzuga oid