O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Tadbirkorlikni rivojlantirish – mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirildi. «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» dasturlari tadbirkorlik istagidagilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada yangi tashkil etilgan sub'yektlar soni 2,3 baravarga ko‘paygani buning tasdig‘idir.

Biroq, joylarda byurokratiya, ta'magirlik va tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari hali ham uchrab turibdi. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida Prezident Xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat tushgan. Ular asosan yer ajratish, gaz, elektr va suv ta'minoti, qishloq xo‘jaligi, kredit, soliq masalalariga taalluqli. Ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan. 

Bu muammolarni tizimli hal etish, tadbirkorlarga chinakam ko‘mak berish maqsadida joriy yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Yig‘ilishda mazkur qabulxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilingan. 

Prezident Savdo-sanoat palatasi raisi va adliya vaziri rahbarligida Respublika ishchi guruhi tuzib, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq, amaliy uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta'kidladi. Aniqlangan muammolarning hududga taalluqlisi viloyat hokimiga, respublika darajasidagisi esa Bosh vazirga berilishi, ular haftada bir kun qabulxona masalalari bilan shug‘ullanishi ko‘rsatib o‘tildi. 

Qayd etilganidek, qabulxonalar ishi uch bosqichda olib boriladi. Avvalo, qabulxonada tasdiqlangan kunlik jadval asosida hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, investitsiya boshqarmasi, prokuratura, adliya, soliq, qurilish, kadastr, bank va boshqa tashkilotlar vakillari tadbirkorlarni qabul qiladi.