Qator OAVlarda umumta'lim muassasalari ta'miriga yetarli mablag‘ ajratilishi, shunga qaramay ota-onalar qo‘mitasi tomonidan maktabga yordam berish uchun pul yig‘ilishi noto‘g‘ri ekanligi mazmunida maqolalar e'lon etildi. Shu munosabat bilan maktab xarajatlari bo‘yicha smetalarini ochiq e'lon etib borish bo‘yicha ish boshlandi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, asosiysi maktab Kuzatuv kengashi a'zolari ushbu smetalarda ko‘rsatilgan mablag‘larning qanchaligi va nima uchun sarflanishini yaxshi tushunib olishi kerak. Shundagina haqiqiy holatga adolatli baho beriladi.

Umumta'lim muassasalarini moliyalashtirish mamlakat qonunchiligi doirasida budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak. Har bir maktab yil davomida tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida mablag‘ oladi. Mazkur mablag‘ning asosiy qismi maktab xodimlarining oylik ish haqi va u bilan bog‘liq to‘lovlariga yo‘naltiriladi. Mablag‘ning qolgan qismi esa kommunal hamda aloqa (telefon, internet) uchun to‘lovlar, maktabni joriy ta'mirlash (remont) uchun, qog‘oz, kanselyariya va xo‘jalik mollari, kompyuter texnikalari, kitoblar xaridi va boshqa turli tegishli xarajatlarga ajratiladi, bu kabi xarajatlar – Boshqa xarajatlar deb nomlanadi.

Maktab uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari smetaning “tovar-moddiy zaxiralar” bandida ajratilgan mablag‘dan olinishi mumkin, shuningdek ushbu band doirasidagi mablag‘lardan kanselyariya va xo‘jalik mollari ham olinadi.

Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi maktablarda tovar-moddiy zaxiralar uchun 2 mln.dan 11 mln. so‘mgacha mablag‘ ajratilgan, shu bilan birga umuman bu maqsadlarga pul ajratilmagan maktablar ham mavjud.

Maktablarga budjetdan yetarlicha mablag‘ ajratilgan, deb ta'kidlayotganlar uchun smeta xarajatlarini soddaroq ko‘rsatadigan bo‘lsak, budjetdan maktab uchun qurilish materiallari (kraska, emulsiya, shpaklyovka va h.k.), kanselyariya va xo‘jalik mollarini xarid qilish uchun Olmaliq shahridagi bir o‘quvchiga yiliga o‘rtacha 4 ming so‘m, oyiga 348 so‘m to‘g‘ri kelar ekan. Bir sinfda o‘rtacha 35 ta o‘quvchi bo‘lsa, oyiga 12 ming so‘mga qanchalik sinfni ta'mirlab, kerakli jihoz va tovarlarni xarid qilsa bo‘ladi?

Bir o‘quvchiga o‘rtacha qog‘oz uchun yiliga 494 so‘m, oyiga – 41 so‘m ajratilar ekan, ya'ni bir sinfga yiliga 15 ming so‘m, oyiga esa 1 200 so‘m to‘g‘ri kelarkan. Bu summaga qancha (hozirda bir pachka qog‘ozni o‘rtacha narxi 32 ming so‘m) pachka qog‘oz xarid qilsa bo‘ladi? Mazkur ajratilgan mablag‘ nafaqat ta'lim, balki maktab ma'muriyati ishini tashkil etishga yetarmikan?