Keyingi paytlarda yurtimizda ro‘y berayotgan tashqi siyosatda konstruktiv va o‘zaro manfaatga asoslanib amalga oshirilayotgan jadal islohotlar natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan qo‘shni mamlakatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, xalqlarimiz do‘stligi tobora mustahkamlanib bormoqda.

Ana shu islohotlar va yangilanishlar natijasi o‘laroq, 2018 yil 1 martdan boshlab Samarqand viloyati Urgut tumanidagi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida joylashgan xalqaro maqomga ega bo‘lgan «Jartepa» chegara o‘tkazish punkti qayta o‘z faoliyatini boshladi.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘tkazish punktida bojxona organi xodimlari bilan bir qatorda davlat veterinariya, sanitariya, o‘simliklar karantini va chegara xizmati xodimlari ham nazorat faoliyatini olib borishadi.

Bojxona postida chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kirish va chiqish zallarida isitish-sovutish tizimi jihozlangan, postda nogironlik va yuk tashishga mo‘ljallangan aravachalar mavjud.

O‘rnatilgan peshtaxtalarda esa fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar me'yorlari hamda valuta qimmatliklari to‘g‘risida barcha ma'lumotlar o‘zbek, tojik va rus tillarida ko‘rsatib o‘tilgan.

«Jartepa» chegara bojxona posti ochilganidan shu kunga qadar, kirishda 460 mingga yaqin, chiqishda 455 mingdan ortiq, jami 915 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan bo‘lib, kuniga o‘rtacha 2100–2200 nafar fuqaro bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Post orqali o‘tgan davr mobaynida jami 61 mingta, shundan kirishda 30 mingga yaqin va chiqishda 31 mingdan ortiq, kuniga o‘rtacha 140-150 ta avtotransport vositalari harakatlanmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirishga ustuvor vazifa sifatida qaralib, bojxona xodimlari tomonidan har bir yengil avtomashina o‘rtacha 15–20 daqiqada bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida zamonaviy «Rapiskan», «Nuctech» rusumli rentgen apparatlari, kuzatuv kameralari, nazorat texnik vositalari va jihozlari bilan ta'minlanganligi fuqarolar hamda ularning qo‘l va bagaj yuklarini tezkor tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazish imkoniyatini bermoqda.