O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni ilm-fan va oliy ta'lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, yig‘ilishda 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytilgan takliflar va dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“O‘sha uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga doir takliflarni muhokama qilish uchun maxsus maydon yaratish maqsadida Respublika fan va texnologiyalar kengashini tashkil etishni taklif qilgan, olimlar buni qo‘llab-quvvatlagan edi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda mazkur kengashning asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, sohaga oid davlat dasturlarini shakllantirish va markazlashgan tartibda moliyalashtirish orqali ilm-fanni tubdan rivojlantirish, yuksak natijadorlikka yo‘naltirilgan ixtisosliklar bo‘yicha milliy laboratoriyalar tizimini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz fani nufuzini ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyotda yuqori samara beradigan va ijtimoiy masalalarni oqilona hal etishga qaratilgan yo‘nalishlar belgilanib, ularni rivojlantirishga mas'ullar biriktirildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti negizida ilmiy maktablar yaratish, nanotexnologiyalar, materialshunoslik, yarimo‘tkazgichlar fizikasi, biofizika va bioximiya, biotexnologiyalar bo‘yicha olimlar avlodini shakllantirish muhimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, olimlar bilan uchrashuvda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha doimiy komissiyalar tuzishga kelishib olingan edi. Bu galgi yig‘ilishda mazkur komissiyalarning vazifalari, komissiya a'zolarining ish tartibi va mas'uliyati belgilandi.

Birinchi komissiya ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini doimiy tahlil qilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Ikkinchi komissiya oliy ta'lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni hamda ta'lim sifatini tahlil qiladi va unga baho beradi.















