O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatining negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasi manzilida;
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasi manzilida joylashtiriladi.
Quyidagilar:
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga;
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktirildi.
Belgilab qo‘yilishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi tegishincha Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining o‘z vaqtida to‘liq ta'minoti va maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashish, ushbu muassasalarda ma'naviy-ma'rifiy ishlarning zamonaviy usul va shakllaridan foydalanilgan holda sog‘lom va jismonan baquvvat, ruhan tetik, bilimli, vatanparvar, fidoyi, dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta'lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mas'ul hisoblanadi.
Belgilanishicha:
a) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi;
















