Har yili O‘zbekistondan minglab fuqarolar haj safariga borib, Islom dinining farz amallaridan biri bo‘lgan ibodatni ado etib kelishmoqda. Davlat rahbari tomonidan bu borada keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, kvotalar soni yildan-yil oshirilayotgani bilan bir qatorda, fuqarolarning haj safariga ruxsat olishi bilan bog‘liq ba'zi masalalarda hamon turli muammolar uchramoqda.

Shunday muammolardan biri mehnat faxriysi, 80 yoshdan oshgan Abdukarim Azlarxodjayev bilan ro‘y bermoqda. U hajga borishni niyat qilib, 2014 yilning yanvar oyida o‘zi yashaydigan Shayxontohur tumani, «Shayxontohur» mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bergan edi. U ikki yil o‘tgach Toshkent shahrining Olmazor tumaniga, nabirasining xonadoniga ko‘chib o‘tadi.

Doimiy yashash manzili o‘zgargan A.Azlarxodjayev «Shifokorlar» mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilganida, mahalla raisi «Qoidaga ko‘ra, navbatda turgan mahallangizdan hajga borasiz», deb uning ism-sharifini tegishli ro‘yxat daftariga kiritmagan.

Shundan so‘ng, A.Azlarxodjayev eski mahallasiga, ya'ni Shayxontohur tumani «Shayxontohur» MFYga murojaat qilganida, mahalla raisi Nig‘mat Raimjonov «Men sizni qanday hajga yuboraman, Olmazor tumanida ro‘yxatda tursangiz!», deb gapni qisqa qilgan.

Shu yilning mart oyida «nahotki bu masalaning yechimi bo‘lmasa», deb Abdukarim aka bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga bordim. Navbatimiz kelganida, idora qorovuli bizdan «Nima gap, nima xohlaysizlar?», deb so‘radi. Dardimizni aytsak, qorovul yigit «haj safariga borish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etish mahalla fuqarolar yig‘inlari va mahalliy hokimliklarga berilgan», deb ushbu idoralarga murojaat qilishimizni tavsiya qildi. Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Olmazor tuman kengashida esa kotiba qizning «yaxshisi, ariza yozinglar», degan maslahatinigina eshitdik.

Abdukarim Azlarxodjayev aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Toshkent shahar hokimiga arizalar yo‘llagan.

Dastlabki javob xati Diniy qo‘mitadan keladi. Unda ta'kidlanishicha, «Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, «Mahalla» jamg‘armasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorlikda haj va umra ziyoratlariga borish istagida bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini xolisona va ijtimoiy adolat mezonlari asosida shakllantiradi hamda muqaddas haj ziyoratini tashkil kilishda belgilangan tartibga qat'iy amal qiladi». O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qarorining 4-bandida: «