Mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida inson manfaati va uning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish yotadi. Fuqarolarining erkin va adolatli mehnat sharoitlarida ishlashini ta'minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Konstitutsiya bilan o‘rnatilgan ushbu kafolatga amalda rioya qilinishi adliya organlari tomonidan o‘rganildi va baho berildi. Bunda, 100 mingdan ortiq fuqarolar o‘rtasida test sinovlari, anonim va anketa usulida so‘rovlar o‘tkazildi.
Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, tahlillar joylarda bu borada ayrim tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, xodimlarning ish vaqtiga rioya etmaslik, haq to‘lamasdan qo‘shimcha ishga jalb qilish, ish haqini vaqtida to‘lamaslik yoki ish haqidan asossiz ushlab qolish, shuningdek, yetarli mehnat sharoitlarini ta'minlamaslik kabi salbiy holatlar kuzatildi.
Shu bilan birga, ish beruvchilar tomonidan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi ahvolini qoniqarli darajada emas. Masalan:
1. Qonunchilikka ko‘ra, 6 kunlik ish haftasida kunlik – 7 soat, 5 kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqti belgilangan. Ish vaqtidan tashqari ishlashga faqat xodimning roziligi bilan va kamida ikki hissa miqdorida haq to‘langan holda yo‘l qo‘yiladi.
Bu kabi qoidalar Xalqaro mehnat tashkilotining “Ish vaqtini haftasiga 40 soat davomida qisqartirish to‘g‘risida”gi Konvensiyasida ham nazarda tutilgan.
Biroq, so‘rov natijalari ayrim ish beruvchilar tomonidan bu talablar qo‘pol ravishda buzilganligini ko‘rsatdi. Masalan, ish vaqtiga rioya qilmaslik, dam olish va bayram kunlari ishga chiqishga majburlash holatlari ko‘proq bank-moliya (32,1%), ta'lim (30,5%) va sog‘liqni saqlash (28,2%) sohalarida mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hududlar misolida esa xodimning ish vaqtidan ortiq yoki dam olish va bayram kunlari qo‘shimcha mehnatga jalb etish holatlari ko‘proq Samarqand (40,5%), Andijon (34,5%) hamda Toshkent viloyatlariga (32,9%)to‘g‘ri kelishi qayd etildi.
2. Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida xodimning roziligisiz uning vazifasiga kirmaydigan ishga jalb etish taqiqlanishi belgilangan.
Biroq, xodimning roziligisiz uni vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari hanuzgacha kuzatilayotganligi tashvishlidir. Bu kabi holatlar ko‘p hollarda moliya (19,3%) va xo‘jalik boshqaruvi organlarida (19,1%) hamda ta'lim tizimida (16,8%) uchrashini kuzatish mumkin.
















