Rossiya va O‘zbekiston milliy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik qiladi, dedi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida.
"O‘zbekiston milliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biz hamkorlik qilayotgan yetakchi mamlakat. Bugun men imzolaydigan hujjatlardan biri “mehnat samaradorligi” milliy yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik dasturi bo‘ladi", - dedi vazir.
Oreshkin yil oxiriga qadar qolgan milliy loyihalar bo‘yicha ham hamkorlik faollashishiga umid bildirdi.
"Biz mazkur ishning barcha bosqichlari – maqsadli ko‘rsatkichlarni ishlab chiqishdan boshlab boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, bu loyihalarni Rossiya hamda O‘zbekiston hududida amalga oshirish bo‘yicha hamkorlarimiz bilan bo‘lishishga tayyormiz. Biz kompleks loyihani ishga tushirmoqdamiz. Yil oxirigacha O‘zbekiston bilan barcha milliy loyihalar bo‘yicha siljish bo‘ladi", - dedi u.
Tovar ayirboshlash
Oreshkin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2019 yilda 5,5 mlrd dollarga yetishini kutayotganligini aytdi.
"Biz bir tarafdan, ikki tomonlama savdo, O‘zbekistondan import qilishni oshirishga intilyapmiz. Boshqa tarafdan, O‘zbekistonga Rossiya uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha loyihalar ustida ishlayapmiz. Chunki bu yerda gidroelektrostansiyalar, issiqlik stansiyalari va melioratsiya tizimini modernizatsiya qilishga ehtiyoj bor – O‘zbekistonda keyingi o‘n yillar davomida amalga oshirilmagan ishlar natijasida ko‘p narsalar qoniqarsiz holatga kelib qolgan", - dedi Oreshkin.
Uning fikricha, eskirgan tizimlarni Rossiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy jihozlar bilan almashtirish O‘zbekiston iqtisodiyotiga ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Oreshkin Rossiya bilan bosh vazirlar darajasidagi qo‘shma komissiyalar mavjud davlatlar atigi bir nechta ekanligini ta'kidladi. Bunday komissiyalar faqat Fransiya, Xitoy va O‘zbekiston bilangina tashkil etilgan.
"O‘zbekiston tez ko‘payayotgan aholiga ega bo‘lgan tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotdir. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ma'lum vaqtdan so‘ng O‘zbekiston possovet mamlakatlari orasida iqtisodiyoti jihatidan Rossiyadan keyingi ikkinchi davlatga aylanishi lozim. Shu bois bu yerda ulkan salohiyat, katta hajmdagi loyihalarni ko‘rmoqdamiz. Ko‘rgan bo‘lsangiz, biz shunchaki u yoki bu mahsulotni sotish haqida emas, har bir yo‘nalish: sanoat, qishloq xo‘jaligi, fan, ta'lim, madaniyat – ya'ni barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur hamkorlik to‘g‘risida gapirmoqdamiz", - dedi rossiyalik vazir.
















